O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Joriy yilda “Samarkand Half Marathon” dasturi qanday tashkil etiladi?
2020-10-17 | Sport
Bugun, 17-oktabr kuni koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahrida “Samarkand Half Marathon” xayriya yarimmarafoni dasturini taqdim etish uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, “Samarkand Half Marathon” tashkiliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Botir Nurullayev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova, yarimmarafon bosh hamkori «Kapitalbank» ATB boshqaruvi raisi Alisher Mirzayevlar ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Shuningdek, anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari A.Karimov ham ishtirok etdi.
Bugungi kunda dunyodagi ogʻir epidemiologik vaziyat tufayli 2020-yilgi yarimmarafon dasturining sport qismini virtual formatda oʻtkazishni taqozo etmoqda. Oʻziga xos yangicha yondashuv yarimmarafon ishtirokchilari va fuqarolarimiz tomonidan koʻplab savollarning tugʻilishiga sabab boʻlmoqda.
“Samarkand Half Marathon” xayriya yarim marafonining 2020-yilgi mavzusi inklyuziv muhit va autizmga chalingan odamlarning muammolarini yoritishga qaratiladi.
- Taʼkidlash joizki, bu yilgi Samarqand yarimmarafoni ham Respublika madaniy hayotida muhim oʻringa ega boʻlib, Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport turizmini rivojlantirishdan tashqari, ushbu loyiha xayriya missiyasiga, yaʼni autizmga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Respublika hukumati ushbu yarimmarafon orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib qilayotgan va xayriya ishlarini amalga oshirayotgan hamda uzoq muddatli taʼlim va madaniy loyihalarni tashkil etishda tashabbus koʻrsatayotgan Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini toʻliq qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Shuni taʼkidlashni istardimki, imkoniyati cheklangan va sogʻlom bolalarni birgalikda oʻqitish va tarbiyalashni tizimli ravishda joriy etish, eng muhimi, jahon tendensiyasiga muvofiq autizm haqida gapirish, birgalikda harakat va tadbirlar bilan butun aholi oʻrtasida ushbu muhim mavzu boʻyicha xabardorlikni sifat jihatidan oshirmoqdamiz, - dedi “Samarkand Half Marathon” tashkiliy qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov.
Shuningdek, matbuot anjumanida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ham nutq soʻzladi.
- Goʻzal va hamisha navqiron Samarqand shahrida ikkinchi marotaba tashkil etilayotgan ushbu marafon mamlakat ijtimoiy hayotida yirik hodisa boʻlib, u yurtimizda madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradi. Bu shunchaki yugurish, oddiy sport tadbiri emas, balki boy madaniy anʼanalarni oʻzida mujassam etgan loyihadir.
Mamlakatimizning faxri va iftixoriga aylangan sportchilar – Oksana Chusovitina, Shaxram Gʻiyasov, Odil Axmedov, Ruslan Nuriddinovlar ham mazkur marafonni aholi orasida targʻib etishda faol ishtirok etdilar.
Fursatdan foydalanib men ham barchangizni ushbu marafonda ishtirok etishga chorlab qolaman.
Bu yilgi yarimmarafon epidemiologik vaziyat tufayli onlayn formatda oʻtkazilib, bu yil bilan jahonning turli mamlakatlaridagi minglab odamlar eʼtiborini yana bir bor jannatmakon yurtimizga qaratish mumkin. Bu esa xorijliklarda kelgusida goʻzal va navqiron Samarqand shahriga tashrif buyurish istagini uygʻotadi.
Joriy yil 1-noyabr kuni Samarqandda professional sportchilar uchun 21 km masofaga moʻljallangan klassik yarimmarafon oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shu kuni ertalab soat 09:00 dan 11:00 ga qadar belgilangan yoʻnalishda professionallar uchun yugurish boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng, kech soat 21:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida boshqa ishtirokchilar oʻz xohishiga koʻra, har qanday masofani bosib oʻtishlari, hatto finish arkasi yonida suratga tushishlari mumkin.
Yarimmarafon oʻtkaziladigan kuni Samarqandda boʻla olmagan insonlar uchun yugurish virtual formatda oʻtkaziladi, bu esa oʻz oʻrnida tadbirga koʻplab yuguruvchilarni jalb qilish imkoniyatini hamda butun dunyo boʻylab ishtirokchilarga joy va masofani oʻzlari tanlash erkinligini taqdim etadi. Natijada xalqaro xayriya yarimmarafonining geografiyasi kengayadi.
Bu yil “Samarkand Half Marathon” dasturida aniq belgilangan masofalar boʻlmaydi. Har bir ishtirokchi 1 km.dan 50 km.gacha boʻlgan masofani oʻz hohishiga koʻra bosib oʻtadi. Tadbirda qatnashishni istaganlar joriy yil 1-noyabrga qadar yarimmarafonning www.samarkandhalfmarathon.uz saytida ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtishlari lozim.
Ushbu tadbirda bu yil asosiy eʼtibor jamoaviy ishtirokka, yugurish klublari va koorporativ jamoalarni jalb qilishga qaratiladi. Shu maqsadda tashkilotchilar tomonidan butun dunyo boʻylab yuguruvchilar orasida juda mashhur va bepul boʻlgan GPS Strava mobil ilovasi ishga tushirildi. Mobil ilova orqali finalchilarning yakuniy natijalari saytga avtomatik ravishda yuklanadi. Natijalarning toʻgʻri yuklanishi uchun Strava mobil ilovasida akkauntingizni shaxsiy kabinet bilan birgalikda sinxronlashtirishingiz lozim.
Bu yilgi tadbirda birinchilik uchun asosiy kurash klublar, hududlar va jamoalar oʻrtasida kechishini inobatga olgan holda yarimmarafonda respublikamiz mintaqalaridan oʻzlarini faol namoyish etishlari soʻraladi.
Aholi qamrovi kengroq boʻlishi uchun mobil ilovaga onlayn formatdagi ikkita yangi – masofasi 1 km boʻlgan “Bolalar yugurishi” va «Skandinavcha yurish» variantlari qoʻshildi.
1-noyabr – musobaqa kunida yarimmarafonning rasmiy saytida butun dunyo boʻylab ishtirokchilar tomonidan yugurib oʻtilgan umumiy masofa jonli efirda uzatib boriladi. Shu kuni yugurish natijalariga koʻra, eng uzun masofani bosib oʻtgan jamoa va hudud gʻolib deb eʼlon qilinadi.
Anjuman yakunida tashkilotchilar marafon oʻtadigan trassalar va ularda amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi