Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun huquqiy maslahatlar berishga ixtisoslashgan “Biznesga maslahat” (Advice for business) interfaol portali yaratildi.
Portal imkoniyatlari namoyishiga bagʻishlangan tadbirda Adliya vazirligi rahbariyati, tadbirkorlar, xalqaro ekspertlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar marosimni onlayn ravishda Adliya vazirligi rasmiy sayti, ZOOM dasturi va vazirlikning Facebook hamda YouTube dagi rasmiy sahifalari orqali kuzatib bordi.
Mazkur portal “Advice.uz” huquqiy axborot portalining ijobiy tajribasidan kelib chiqqan holda Adliya vazirligi tashabbusi bilan USAID xalqaro tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy koʻmagida ishga tushirildi.
Marosimda yangi axborot portalida tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar yaratilganligi aytib oʻtildi.
Tadbirkorlar oʻz faoliyati davomida duch keladigan masalalarni xalqchil va amaliyotga bogʻlangan holda tushuntirishga qaratilgan mingga yaqin huquqiy maʼlumotlar portalga joylashtirilgan.
Tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish tartibi, yer olish,
mehnat munosabatlari
infratuzilmalarga ulanish,
litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari,
bank, soliq va bojxona qonunchiligiga oid normalar portaldan oʻrin olgan.
Portalda huquqiy maʼlumotlarni joylashtirish bilan cheklanilmasdan, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur boʻladigan hujjatlarning namunaviy shakllari ham berilgan.
Portal orqali turli xizmatlaridan foydalanish mumkin. Jumladan, “Roʻyxatdan oʻtkazish” qismida roʻyxatdan oʻtkazish va tadbirkorlik subyektlarining turlari koʻrsatilgan boʻlib, ular bilan batafsil tanishib, keyin roʻyxatdan oʻtkazish havolasi - fo.birdarcha.uz ga kirish va tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish mumkin.
Portalda tadbirkorlarning onlayn murojaatlari qabul qilinadi. Ular yuzasidan qisqa muddatda yechim va maslahatlar beriladi.
Eʼtiborlisi, mazkur maslahatlar bepul beriladi,
Taʼkidlanishicha tadbirkorlar portal orqali biznesni boshlashdan tortib uni yakunlashgacha boʻlgan maʼlumotlarga ega boʻlishi mumkin.
Portalning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan. Demak, undan foydalanish juda ham qulay.
Umuman olganda, “Biznesga maslahat” portali — https://b-advice.uz/ — tadbirkorlar bilan ishlash, ularning muammolarni hal etish va qisqa muddatlarda ularga amaliy yordam berish, aholini tadbirkorlikka keng jalb etishni yangi bosqichga koʻtaradi.
Marosim davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
Manba: O'zA