O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi muvafaqqiyatli qadamlar

2020-10-16 | Ta’lim

DEHLI, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Buxoro viloyati hokimligi va Hindistonning Rajaston shtatidagi Jaypur Manipal universiteti o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Masofaviy anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz ta’lim sohasiga investitsiyalarni yanada faol jalb qilish va bu borada Hindiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Rizo Asadov, Buxoro davlat universiteti prorektori Abror Jo‘rayev, Buxoro davlat tibbiyot instituti prorektori Ahatjon Nasrullayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bo‘lim boshlig‘i Komil Shokirov, Jaypur Manipal universiteti xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Ajay Sharma va uning o‘rinbosari P.Suorlia o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari O‘zbekistonda, xususan, Buxoroda oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor, sohada erishilayotgan yutuqlar, yoshlarning yuqori darajali bilim olishga bo‘lgan intilishi hamda viloyatda oliy ta’lim muassasalari, jumladan xalqaro universitetlar ochishga bo‘lgan ehtiyoj haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

A.Jo‘rayev Buxoro va Hindiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, mavjud kelishuv va memorandumlar hamda o‘zaro tashriflarni qayd etib, hozirgi kunda davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik o‘rnatilganini ta’kidladi. Shuningdek, kelgusida Buxoroda Manipal universiteti filialini ochishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida gapirdi.

O‘z navbatida, A.Sharma ma’lumotiga ko‘ra, Jaypur Manipal universiteti Manipal universitetlari guruhi (Hindiston) tarkibida 2011 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda ushbu oliy ta’lim muassasasida muhandislik, arxitektura, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, kompyuter dasturlari, menejment, tijorat, dizaynerlik, tasviriy san’at, mehmonxona xizmatlari, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar, huquqshunoslik va gumanitar fanlar yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Manipal universitetlari guruhi tarkibida Jaypur Manipal universitetidan tashqari Manipal oliy ta’lim akademiyasi (Karnataka shtati), Sikkim Manipal universiteti (Sikkim shtati), Manipal xalqaro universiteti (Malayziya), Manipal oliy ta’lim akademiyasi (Dubay) va Antigua Amerika universiteti (Karib orollari) faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda Indoneziya va Shri-Lankada universitetning filiallarini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Ushbu tizim xorijiy davlatlar bilan hamkorlik o‘rnatish borasida ham katta tajribaga ega. Jaypur Manipal universiteti 60 ga yaqin xorijiy davlatlarning 200 dan ortiq nufuzli universiteti, jumladan Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti, AQShning Kaliforniya davlat universiteti, Chikago universiteti, Germaniyaning Gamburg texnika universiteti va Bremen universiteti, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Turkiyaning Istanbul va Karabuk universitetlari, Singapur menejment universiteti va boshqalar bilan yaqin aloqa o‘rnatgan.

Buxoro viloyati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, A.Sharma viloyatda Manipal universitetining bo‘limini ochish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va o‘zaro talabalar almashinuvi dasturlari bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Shunga ko‘ra, hind tomoni muzokaralarni davom ettirish maqsadida Manipal universiteti rahbariyati, o‘qituvchilari, talabalari va Rajaston shtati tadbirkorlaridan iborat delegatsiya pandemiya cheklovlari yumshatilgandan keyin Buxoroga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Samarali o‘tgan tadbir so‘nggida muzokaralarni muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться