O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbek tili va adabiyoti hamda o‘zbek xalqining madaniyati mening qalbimga juda yaqin — hindistonlik adabiyotshunos

2020-10-15 | Madaniyat

DEHLI, 15-oktabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati adabiy-badiiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Anjumanda Jomiya Milliya Islomiya universiteti o‘zbek tili o‘qituvchisi professor Shohid Taslim, Hindistondagi «O‘zbek tili do‘stlari» klubi a’zolari va Dehli shahrida tahsil oluvchi o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.

Bayram marosimida O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tarixi, mustaqillik yillarida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktаbrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining tarixiy ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Xususan, farmonga binoan «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktabr sanasi O‘zbekistonda «O‘zbek tili bayrami kuni» sifatida keng nishonlanayotganligi hamda ushbu hujjatni hayotga tadbiq qilish doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lum qilindi.

2020-yil 23-sentabr kuni tarixda ilk marotaba BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida o‘zbek tilida nutq yangragani va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyov tomonidan qo‘yilgan ushbu tarixiy qadam O‘zbekiston xalqi va butun dunyo hamjamiyati tomonidan olqish bilan kutib olingani ta’kidlandi.

Tadbir doirasida o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini Hindistonda targ‘ib qilish ishlariga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan Jomiya Milliya Islomiya universiteti o‘zbek tili o‘qituvchisi professor Shohid Taslimga alohida minnatdorlik bildirildi.

Shundan so‘ng mamlakatimizda chop etilgan 5 jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu to‘plam so‘nggi bir yil davomida davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar natijalaridan biri ekanligi qayd etildi.

Ushbu to‘plam Jomiya Milliya Islomiya Universiteti kutubxonasi, «O‘zbek tili do‘stlari» klubi va professor Shohid Taslimga taqdim etildi.

Shohid Taslim, Jomiya Milliya Islomiya universiteti o‘zbek tili o‘qituvchisi:

— Shuni quvonch bilan ta’kidlamoqchimanki, o‘zbek tili bir necha yillardan beri universitetimizda o‘qitilmoqda. Bu sharafli vazifani amalga oshirish meni zimmamga yuklatilganidan behad xursandman. Men o‘zbek tilidagi bilimlarim ustida doimiy ravishda ishlagan holda, ushbu mas’uliyatli vazifani bajarish uchun barcha imkoniyatlarimni safarbar etayapman. Men o‘zbek tilini chin dildan sevaman. Nafaqat o‘zbek tili va adabiyoti, balki o‘zbek xalqi va madaniyati mening qalbimga juda yaqindir. Buning asosiy sababi bizning ajdodlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy, madaniy yaqinlikdir. O‘zbek tilini o‘rganish men uchun juda oson va sevimli ish, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan tashqari, men urdu tili va adabiyoti bo‘yicha ham mutaxassis bo‘lganligim bois o‘zbek tilini o‘rganish men uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Negaki, o‘zbek va urdu tillari o‘rtasida lisoniy jihatdan chuqur rishtalar mavjud. Ularda taxminan 3-4 mingga yaqin mushtarak so‘zlar bor.

Fursatdan foydalanib, universitetimizda o‘zbek tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yishda doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rahbariyatiga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildirmoqchiman.

Bir necha kundan so‘ng, ya’ni 21-oktabr kuni O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami” keng nishonlanadi. Butun do‘st O‘zbekiston xalqini Hindiston xalqi va talabalari nomidan ushbu bayram bilan chin dildan tabriklayman.

Salmon Azmi, Jomiya Milliya Islomiya universiteti talabasi:

— Men o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishim tufayli hozirgi kunda Jomiya Milliya Islomiya universitetida o‘zbek tilini o‘rganyapman. Bugun do‘stlarim va ustozimiz bilan O‘zbekiston elchixonasida o‘zbek tili bayramini nishonlash uchun yig‘ildik. Bizga «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ni sovg‘a qilishdi. Biz bundan juda ham xursandmiz va buning uchun katta rahmat aytamiz.
 

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться