O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Turizm fidoyisi" ko‘krak nishoni o’z egalariga topshirildi
2020-10-15 | Turizm
2020-yil 13-oktabr kuni "Hilton Tashkent City" mehmonxonasida O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shgan kishilarga "Turizm fidoiysi" ko’krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati, sovrindorlar, faxriy mehmonlar, vazirliklar, idoralar va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“So‘nggi yillarda O’zbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz tashabbuslari bilan qator farmon va qarorlar imzolandi, turizm sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida eʼtirof etildi. Shu asnoda hududlarimizda turizmni rivojlantirish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
“Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonining taʼsis etilishi va tantanali topshirilishi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi. Ushbu ko‘krak nishoni respublikamiz fuqarolari va xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga ona yurtimizning boy tarixi va madaniyatini butun dunyoga namoyish etishga chorlov bo‘lib xizmat qiladi degan umiddaman”,– taʼkidladi Аziz Abduhakimov.
Turizm sohasida erishilgan yutuqlarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori bilan “Turizm fidoiysi” turizm sohasi vakillarini mukofotlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari xodimlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shgan xorijdagi vatandoshlar xizmatlari va faol targ‘ibot ishlari uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
Davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va mahalliy darajadagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, joriy yilning 1-avgustiga qadar o‘z vakillarini Respublikaning turizmini rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi hududiy boshqarmalariga ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida takliflarni kiritishlari kerak edi.
Respublika darajasidagi davlat organlari, chet eldagi diplomatik vakolatxonalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tashkilotlar ham o‘z nomzodlarini faxriy mukofot olish uchun joriy yilning 1-avgustiga qadar topshirishdi.
"Turizm fidoiysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlarni saralashda maxsus komissiya quyidagi yutuqlarni hisobga oldi: - chet ellarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va keng auditoriya orasida mamlakatimiz turistik salohiyatini targ‘ib qilish; - zamonaviy turistik mahsulotlar va xizmatlarni innovatsion yechimlarini yaratish bo‘yicha samarali faoliyat; - O‘zbekistonda turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha samarali faoliyat; - yetakchi xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning turistik salohiyatini ommalashtirilgan materiallarning soni va mashhurligi, shuningdek turizm sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish; - turizm sohasidagi davlat dasturlarini, mintaqaviy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etish; - turizmning ayrim turlarini rivojlantirish va turistik destinatsiyalarning jozibadorligini oshirish faoliyati; - sayyohlarga ko'rsatiladigan xizmatlar turini kengaytirish va ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo'yicha harakatlar; -turizm sohasida tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi samarali faoliyat; - "Turizm to'g'risida"gi qonun ijrosi ustidan samarali jamoatchilik nazorati; - madaniy meros obyektlarini saqlash, rivojlantirish va ommalashtirishda faol ishtirok etish; - turizm va xizmat ko‘rsatish uchun malakali kadrlarni tayyorlash, ustoz-shogird anʼanalarini joriy etish bo‘yicha ko‘p yillik tajriba, mahalliy va xalqaro grant loyihalarida faol ishtirok etish; - turizm sohasini rivojlantirish istiqbollari va mavjud muammolarini chuqur ilmiy tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan takliflarni, yangiliklarni va ishlarni amalga oshirish; - turizm sohasida muvaffaqiyatli tadbirkorlik va tegishli sohalar faoliyatini, shuningdek, samarali davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish; - O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish uchun normativ-huquqiy bazani va uning davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini kuchaytirish; - O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha samarali tadbirlar va boshqalar.
Sovrin laureatlariga bir martalik pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida beriladi. "Turizm fidoyisi" ko‘krak nishoni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati tomonidan topshiriladi.
"Turizm fidoyisi" ko‘krak nishoni egalari ro’yxati 1. Abdullayev Maxmud Mamadjanovich – Janubiy Koreyadagi “Lazzat” o‘zbek restorani rahbari; 2. Badak Sadik – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi (Turkiya); 3. Bekjanova Amina Karimbayevna – “MUINAK TOUR” MCHJ direktori (Qoraqalpog'iston Respublikasi); 4. Zarifullayev Gulmurod Sayfullayevich – “Sintobiston” oilaviy mehmon uyi rahbari (Navoiy viloyati); 5. Kadirov Doniyor Baxtiyorovich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining turizm va transport obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha o‘rinbosari – Polkovnik; 6. Kiyosi Kurosava – kinorejissyor, senarist, yozuvchi, O'zbekistonda tasvirga olingan "Dunyoning chekkasi tomon" filmi prodyuseri (Yaponiya); 7. Maxkamov Ilham Rustamovich – O'zbekiston Respublikasi Transport vazirning birinchi o‘rinbosari; 8. Nazirov Alisher Nosirovich – kulol, “Hunarmand” uyushmasi Rishton tumani bo‘limi aʼzosi (Farg‘ona viloyati); 9. Saydaminov Murodulla – "Orient Voyage" sayyohlik firmasi bosh direktori (Samarqand viloyati); 10. Sofi Ibbotson – O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Turizm brendi elchisi; 11. Saliyev Taxirjan Nurmamatovich – O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi raisi; 12. Toni Tonchian Dzou – “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti rektori maslahatchisi (Xitoy Xalq Respublikasi); 13. Tuxvatullina Elmira Akramovna - O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo bo‘ylab” telekanali davlat unitar korxonasi direktorining ijodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari; 14. Ubaydullayev Ravshan Umarovich – “Amirsoy” tog‘ chang‘i kurortini tashkil etish bo‘yicha loyiha rahbari; 15. Uiterdik Katerina – Buxoro shahridagi “Shuxov” suv inshooti restavratsiyasi va turizm namoyish obyekti barpo etilishi tashabbuskori, investor (Fransiya); 16. Sharapov Anvar Qurbanovich – vafot etgan (so‘nggi ish joyi O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi maslahatchisi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining sobiq raisi); 17. Xolmatov Erkin Irgashevich - Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i; 18. Xayitova Muxayyo Xolmurodovna – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Hududiy boshqarmalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari; 19. Hakimov Dilyor Zafarovich - O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi Favqullodda va Muhtor Elchisi, Yevropa Ittifoqi va NATOdagi Vakolatxonalar boshlig‘i.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi