O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya turniri yangi Ipak yo‘li marafonini boshlab beradi — Benua Mayer
2020-10-14 | Jamiyat
PARIJ, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 1-noyabr kuni Samarqandda o‘tkaziladigan “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya yarimmarafoniga Fransiya jamoatchiligi va atletlari tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Jumladan, “Athleting Club” sport agentligi rahbari Benua Mayer “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda yarimmarafonning jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdagi o‘rni xususidagi fikrlarini so‘zlab berdi.
— Qadimiy va go‘zal Samarqandda o‘tkaziladigan “Samarkand Half Marathon” xalqaro xayriya yarimmarafoni O‘zbekistonni butun dunyoga tanitishda xizmat qiladigan muhim sport tadbirlardan biri bo‘ladi, - dedi u. - Jahonda ko‘plab mashhur shaharlarda marafonlar va yarimfarafonlar tashkil etiladi. Bunday tadbirlar shaharlarni musobaqa uchun sharoitlarni takomillashtirishga va aholini shunday katta tadbirlarga ruhan va jismonan tarbiyalashga turtki beradi.
Yugurish bo‘yicha ushbu virtual musobaqada London, Parij, Nyu-York, Milan, dunyoning barcha burchaklarida ishtirok etish mumkin. Ammo Samarqandda o‘tkazilayotgan tadbir bir paytning o‘zida ham sport, ham tarix va, qolaversa, turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, deb o‘ylayman.
O‘zbekistonda ko‘plab sport turlari, jumladan, boks, dzyudo va karate rivoj topganidan xabardormiz. Ushbu sport turlarida vakillaringiz jahonda kuchlililar safida e’tirof etiladi. Lekin mazkur marafon orqali butun dunyo ahli O‘zbekistonning yangi qirralarini kashf etadi. Bundan tashqari marafon ushbu sportga qiziqadigan yangi avlodni tarbiyalashga yo‘l ochib beradi. Ular esa yaqin kelajakda jahon arenalari, Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston qadimgi Ipak yo‘lining markazida joylashgan mamlakat. Samarqandda o‘tkaziladigan sport bayrami o‘z-o‘zidan yangi Ipak yo‘li marafonini boshlab beradi.
Ushbu yarimmarafonning yana e’tiborli jihati - uning doirasida autizm kasali bilan aziyat chekayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadiga qaratilgan xayriya aksiyasining o‘tkazilishidir.
Fursatdan foydalanib, men O‘zbekistonga, shu jumladan Samarqand shahriga ushbu tadbirni tashkil etishda katta muvaffaqiyat, marafon ishtirokchilariga esa omad tilayman.