“Avesto” – yurtimiz tarixi va madaniyatiga oid noyob asar hisoblanadi. Oʻz navbatida, bu asar jahon ahamiyatidagi durdonalardan.
YUNESKO tomonidan “Avesto” kitobi yozilganligining 2700 yilligi keng nishonlangani buning isbotidir. Urganch shahrida 20 gektarlik bog‘ majmua bunyod etilib, noyob asarga yodgorlik monumenti o‘rnatilgan. Qolaversa, 2001-yilda “Avesto” bog‘ majmuasida “Avesto” muzeyi ham tashkil qilindi.
Noyob eksponatlar orasida eramizdan avvalgi ossuriylar, Xorazm yozuvidan namunalar, Alisher Navoiyning “Xamsa” asari dostonlari qo‘lyozmasi, 2-3 ming yillik arxeologik topilmalar, bezaklar, tangalar, rasm, portret va boshqa qimmatli hujjatlar mavjud.
Ammo ularning ayrimlari atrof-muhitning ta'siri va saqlanayotgan joyning nomutanosibligidan yemirilib, yo‘qolib ketmoqda. Ba'zan ushbu eksponatlarni noma'lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlash holatlari ham sodir bo‘lmoqda.
Xorazmlik o‘lkashunos Komiljon Nurjanov bu muammoni hal qilish uchun Oliy Majlis Senati a'zosi Gavhar Durdievaga murojaat qilgan.
Senator tashabbusi bilan esa aynan shu muammoni yechish uchun maxsus grant loyihasi tayyorlandi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan Davlat granti 4-tanlovida qatnashish uchun - “Urganch shahridagi “Avesto” muzeyining eksponatlari bo‘yicha innovasion elektron ma'lumotlar bazasini tayyorlash” mavzusidagi grant loyihasi taqdim etildi.
Ushbu loyiha bo‘yicha xalqaro “Oltin Meros” jamg‘armasi Xorazm viloyati bo‘limi va Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘rtasida shartnoma tuzildi va amaliy ishlar boshlandi.
Hozirda “Avesto” muzeyidagi atrof-muhitning salbiy ta'siridan va saqlanayotgan joyning nomutanosibligidan yemirilib borayotgan noyob muzey eksponatlarini kelgusi avlodlarga o‘z holida yetkazish maqsadida talab darajasida ta'mirlandi. Qolaversa, 5 mingga yaqin turli topilma, hujjat va arxiv materiallari bo‘yicha innovasion tizim, ya'ni elektron tarzdagi Ma'lumotlar bazasi yaratildi.
Muxtasar qilib aytganda, ko‘hna Xorazm tamadduniga doir bo‘lgan muzeydagi ko‘hna madaniyatga doir innovasion, elektron shaklda tayyorlangan ma'lumotlar bazasidan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar ham foydalanishi uchun imkon yaratiladi.
Manba: O'zA