O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublika tumanlari hokimlari hamda OAV vakillari uchun Bo‘stonliqqa infotur tashkil etdi
2020-10-13 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hokimligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘rmon xo‘jaliklari mavjud bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlari hokimliklari hamda ommaviy axborot vositalari (OAV) vakillari uchun Info-tur tashkil etdi.
Tadbir doirasida “Amirsoy”, “Tibet”, “Heaven‘s Garden”, “Chimgan” zamonaviy mehmonxonasi hamda “Burchmullo” davlat o‘rmon xo‘jaligi “Sijjak” bo‘limiga tashriflar tashkil etildi. “Info-tur doirasida mehmonlarga barcha turistik obyektlar va yangi loyihalar haqida keng maʼlumot berildi, soha mutaxassislari ishtirokida intervyular tashkil etildi. Jumladan, ular Bo‘stonliq tumanida turizm sohasidagi islohotlar va o‘rmon xo‘jaligi yerlarida yo‘lga qo‘yilgan yangi loyihalar hamda ekoturizmni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishdi”, - deydi Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov. Tur davomida ishtirokchilar “Burchmullo” davlat o‘rmon xo‘jaligi “Sijjak” bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. O‘rmon xo‘jaligi direktori Abdukarim Abdujamilov tumanlar hokimlari va OAV vakillariga o‘rmon xo‘jaligi haqida batafsil maʼlumot berdi.
Ayni paytda o‘rmon xo‘jaligining umumiy maydoni 353 ming gektar bo‘lib, shundan 1,5 ming gektariga turli xil daraxt ko‘chatlari ekilgan. Bu hududda bo‘ri, yovvoyi to‘ng‘iz, ayiq, tog‘ echkisi va tog‘ kiyigi kabilar yashaydi. Shuningdek, tur ishtirokchilari Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan kiyikchilikni rivojlantirish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham qiziqish bildirishdi. Ushbu loyihani yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun 2018 yilda Ispaniya, Ozarbayjon, Germaniya davlatlaridan mutaxassislar taklif etilgan. Ayni paytda qo‘riqxonada 95 bosh kiyik boqilmoqda. Qo‘riqxona atrofi, kiyiklarning baland sakrashini hisobga olgan holda, maxsus panjaralar bilan o‘ralgan. Berilgan maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur o‘rmon xo‘jaligida jami 746 nafar ishchi ishlaydi. Tumanlar hokimlari va viloyatlar hokimlari o‘rinbosarlari ham Info-tur davomida o‘zlari uchun ko‘plab kerakli maʼlumotlarni olishdi.
Jumladan, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorov tadbir haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. “Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumani turizm salohiyati va uning hududida barpo etilayotgan infratuzilma obyektlariga tashkil etilgan tanishuv sayohati bizda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, “Amirsoy” turizm kompleksida ishga tushirilgan zamonaviy osma dor yo‘li, chana va chang‘i uchishga mo‘ljallangan qor yo‘laklari, selfi zonasi, avtoturargoh, aholi, sayyoh va mehmonlarni qabul qilish binosida dam olish hamda ovqatlanish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bu yerga keluvchi sayyohlarni yana-da ko‘proq jalb etishga xizmat qiladi. Shuningdek, “Tibet” kompleksi, o‘rmonzorlar, yangi mehmonxona majmualari har qanday sayyohning ko‘ngildagidek hordiq chiqarishini taʼminlash imkoniga ega. Albatta, har bir hududda turizmni jadal rivojlantirish uchun yangi turistik obyektlar va turistik yo‘nalishlar bo‘ylab yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari va maishiy xizmat turlarining yuqori darajada bo‘lishini taʼminlash talab etiladi.
O‘z navbatida, Bo‘stonliq tumanida zamonaviy turizm sanoatini barpo etish jarayonida shu eng muhim tarmoqlar taʼminotiga alohida eʼtibor qaratilganligi ayniqsa ahamiyatlidir”, - dedi Shahriyorov. Info-tur yakuniga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanida o‘rganilgan yangi yo‘nalishlar va jozibador turistik obyektlar bo‘yicha amaliy tajribalarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarining o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida yangi turizm obyektlarini yaratish jarayonida qo‘llashga doir aniq vazifalar belgilab olindi. Taʼkidlash joizki, Bo‘stonliq tumaniga Info-tur 2020 yilning 2-sentabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi