O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Anons: Ertaga «Shanxay-Toshkent: elektron tijorat istiqbollari» - «elektron tijorat ipak yo‘li» mavzusidagi biznes-forum bo‘lib o‘tadi
2020-10-12 | Texnologiyalar
TOShKENT, 12-oktabr. /«Dunyo» AA/. Ertaga, 13-oktabr kuni soat 11:00da O‘zbekiston va Xitoy tijorat tuzilmalari vakillari ishtirokida «Shanxay-Toshkent: elektron tijorat istiqbollari - elektron tijorat ipak yo‘li» mavzusidagi biznes-forum onlayn shaklda bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Onlayn-anjuman mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, Shanxaydagi Bosh konsulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, «BMB Trade Group» va «AEEX» investitsiyaviy-konsalting kompaniyalari, Xitoy Xalq Respublikasi Elektron tijorat xalqaro markazining elektron tijorat va axborot kommunikatsiyalar departamenti, Sinjon Osiyo-Yevropa xalqaro savdo markazi tashkilotchiligida o‘tkazilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi tadbirni o‘tkazishga tashkiliy ko‘mak bermoqda.
Biznes-forumda O‘zbekiston va Xitoy davlat va jamoat hamda tijorat doiralarining 50 nafardan ortiq vakili ishtirokida elektron tijorat sohasida xalqaro va hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ustuvor masalalar muhokama qilinadi.
Tadbirda, shuningdek, «AEEX» hamda «BMB Trade Group» kompaniyalari o‘rtasida mamlakatimizda yetishtiriladigan mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksportini kengaytirish maqsadadida elektron savdo maydonchalarini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, YUNKTAD ma’lumotlariga ko‘ra, bugun raqamli savdoning global bozori 30 trillion dollarga yaqin hajmni tashkil etmoqda. Raqamli savdoning ulushi dunyo bozorining 20 foiziga teng, 2025-yilga borib bu ko‘rsatkich 25 foizga yetishi bashorat qilmoqda.
SOVID-19 pandemiyasi davrida raqamlashtirish jarayonining sezilarli darajada o‘sishi katta hajmdagi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyotni yanada shaffof bo‘lishi, xizmatlar turining kengayishi va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xalqaro bozorlarga eksportini oshirishga xizmat qilmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi