Tibbiyot sohasida kislorod bilan ishlashda xavfli omillar va xavfsizlik choralari
Tibbiyot maqsadlarida ishlatiladigan siqilgan kislorodning xavfli omillari - bu uning tez yonish xususiyati, shu jumladan, yongʻinga xavfliligi va portlovchi gaz xususiyatlariga ega ekanligi hisoblanadi.
Kislorod kimyoviy element sifatida toksik xususiyatga ega emas, u oʻz-oʻzidan portlamaydi va yonmaydi, ammo u kuchli oksidlovchi hisoblanadi va turli materiallarning yonishini faollashtiradi. Tibbiy maqsadlarda ishlatiladigan siqilgan kislorod balloni 15-20 MPaga teng yuqori bosimga ega. Siqilgan kislorod ballonlari koʻk (havo) rangda boʻladi hamda qora rangdagi “Kislorod” yozuvi bilan belgilanadi.
Yogʻ va moylar bilan reaksiyaga kirishganda, kislorod issiqlik chiqishi bilan darhol oksidlanadi, bu esa yongʻin va portlashga olib keladi.
Kislorod ballonlarini saqlash va ulardan foydalanishga faqatgina ularning barqaror, yiqilishiga yoʻl qoʻyilmagan (tik) holatdagina ruxsat etiladi. Kislorod ballonlari yaqinida chekish, ochiq olov manbalaridan foydalanish mumkin emas.
Yodingizda tuting!
Kislorod ballonlaridan foydalanilganda, asbob-uskunalar, xodimlarning qoʻllari va kiyimlari yogʻ va moydan tozalangan boʻlishi lozim! Kislorod ballonlari bilan ishlashda spirt, leykoplaster, dezinfeksiyalash vositasi yoki boshqa yonishi mumkin boʻlgan manbalarni ishlatish taʼqiqlanadi. Sintetik matodan tikilgan kiyimlarda ishlash mumkin emas.
Kislorod ballonlari joylashgan xonada tez yonuvchan moddalar mavjud boʻlmasligi, ochiq shamollatish, xonadagi havoni boshqarish uchun vositalarning boʻlishligi, shuningdek, u yerdagi odamlar sonini cheklash lozim. Yongʻinlarning oldini olish uchun atrof-muhitdagi kislorod miqdori hajm boʻyicha 23% dan oshmasligi kerak. Xonadagi kislorod miqdorining yuqori boʻlishi uchqunsiz yongʻin chiqishiga olib kelishi mumkin! Kislorod saqlanadigan xonani tozalash toza suv va oddiy mato yordamida amalga oshiriladi.
Ballondagi kran reduktorining ventili, bosim keskin koʻtarilishining oldini olish uchun, kislorod yuborishdan oldin va keyin u asta-sekinlik bilan ochiladi. Manometrni kuzatib boring! Ventilni ochish uchun bolgʻa ishlatish mumkin emas. Ventil ishlamay qolganda ballonga, “Ehtiyot boʻling, nuqsonli ventil. Ballon toʻliq” deb yozib qoʻyiladi. “Kislorod” yoki “Moy xavfli” yozuvi boʻlmagan bosim oʻlchagichlari (manometr)dan foydalanish taqiqlanadi. Ventilni ochish vaqtida reduktor va kislorod yetkazib beruvchi liniyaning roʻparasida turish mumkin emas. Kislorodni havoga chiqarmang! Bu sizning kiyimlaringiz va binolaringizda toʻplanib, yongʻin yoki portlashga olib kelishi mumkin!
Kislorod ballonlari va kislorod quvurlarini issiqlik manbalaridan saqlash, shuningdek, atmosfera omillaridan va isitishdan himoyalangan boʻlishi kerak, chunki isitilgan kislorod (50°S dan yuqori) ventil muhrini teshishi yoki uni yirtib yuborishi mumkin!
Ballonlar ishlatilgandan soʻng, ozroq qoldiq bosim bilan toʻldirish uchun topshiriladi. Ballonda taxminan 3-5 Mpa bosim qolishi uchun bosim oʻlchagichni (manometr) kuzatib boring. Bu oʻz navbatida ballon ichiga tibbiy kislorodni ifloslantiradigan havo kirishiga toʻsqinlik qiladi. Bunday ballonlar boʻr bilan “Boʻsh” deb belgilanishi kerak.
Ballonlardagi tibbiyot kislorodi, har qanday dori singari ishlab chiqaruvchining pasportiga, yaroqlilik muddatiga, guvohnoma va muvofiqlik sertifikatiga ega boʻladi. Kislorod uskunasidan faqat vakolatli xizmat koʻrsatish mutaxassisi tomonidan xizmat koʻrsatiladi.
Kislorod terapiyasi uchun, uning usullaridan qatʼiy nazar, faqat tibbiyot kislorodidan foydalanishga ruxsat beriladi. Amaldagi davlat standartlariga muvofiq, tibbiyot kislorodi
99% kislorod, 1% azotga ega boʻlishi hamda boshqa gazsimon aralashmalarga (karbonat angidrid, metan, vodorod sulfidi) ega boʻlmasligi kerak. Organoleptik jihatdan - bu rangsiz, taʼmsiz va hidsiz gazdir. Tibbiyot kislorodi ballonlari 40 litr sigʻimga ega va 15 Mpa (150kgs/sm2) bosimdagi gazsimon kislorodni oʻz ichiga oladi.
Kislorod ballonlarda yuqori bosim ostidagi boʻlganligi sababli, kislorodni ishlatish, saqlash va tashish bilan shugʻullanadigan barcha shaxslar va birinchi navbatda, shifokorlar ushbu faoliyat bilan bogʻliq asosiy talablar va xavfsizlik qoidalarini bilishlari lozim.
Tibbiyot kislorodi bilan toʻldirilgan ballonlar koʻk rangga boʻyalgan hamda qora rangdagi “kislorod” va “M” harfi bilan etiketlangan boʻlishi kerak. Kislorodni 2-3 atmdan koʻp boʻlmagan bosimda ishlatish mumkinligi sababli, bosimni pasaytirish uchun ballonga maxsus qurilma - reduktor ulanadi.
Kislorod ballonlaridan foydalanishda ayrim ehtiyot choralari koʻrilsagina, uni ishlatish xavfsizdir. Shu bilan birga, ularga ehtiyotsizlik bilan munosabatda boʻlish kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin (portlash va boshqalar).
Siqilgan gazsimon kislorod yogʻ va moylar bilan reaksiyaga kirishganda ular bilan faol birikib, yongʻin va portlashni yuzaga keltiradi. Ballon saqlanadigan xonada chekish qatʼiyan man etiladi. Ballonni tebranish va turli zarbalardan himoya qilish kerak. Uni salqin joydagi devorga oʻrnatib, tik (vertikal) holda saqlanadi. Ballon ventilini (qopqogʻini) ochganda, unga yuz tomoni bilan qarab turish tavsiya etilmaydi, chunki kuchli kislorod oqimi koʻzlarning shilliq qavatining kuyishiga va koʻrish qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkin.
Kislorod balloni portlaganda boʻlaklarga parchalanib ketadi. Yongʻin chiqishi xavfini oldini olish, baxtsiz hodisalarni bartaraf etish uchun kislorod balloni saqlanadigan har qanday xonada oʻt oʻchirish vositalari boʻlishi kerak. Kislorod ballonlari maxsus moʻljallangan, chekish qatʼiyan man etilgan xonalarda saqlanishi kerak. Kislorod ballonlarini issiqlik moslamalari yaqinida va quyosh nurlari tushadigan joylarda saqlash mumkin emas.
Kislorod balloni bilan ishlashda qoʻllar toza (krem va boshqa moylardan tozalangan) boʻlishi kerak, qoʻllarni spirt bilan artish mumkin emas. Giperbarik oksigenatsiyadan oldin, bemorning yuzida kosmetik moddalar yoʻqligiga ishonch hosil qilish kerak.
Tibbiyot kislorodi bilan ishlashda xavfsizlik talablari
Kislorod ballonlarda 15 Mpa (150kgs/sm2) bosim ostida saqlanadi va tashiladi. Ballonlarda ishlab chiqaruvchi zavodning tovar belgisi, ballonning raqami, ogʻirligi, ishlab chiqarilgan sanasi va texnik koʻrikdan oʻtgan davri koʻrsatilgan marka mavjud boʻladi.
Diqqat!
Siqilgan kislorod portlash xususiyatiga ega. Kislorod ballonlaridan foydalanganda quyidagi qoidalarga qatʼiy rioya qilinishi zarur:
• Ballon metall moslamaga oʻrnatilgan va kamar yoki zanjir bilan qotirilgan boʻlishi kerak.
• Ballon isitish moslamalaridan kamida 1 metr va ochiq olov manbalaridan 5 metr masofada oʻrnatilishi kerak.
• Ballon quyosh nurlarining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiridan himoyalangan boʻlishi kerak.
• Hech qachon moyni ballon shtutseriga kirishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
• Ballondan boshqa tizimga gazni faqatgina shu tizimdagi bosim uchun moʻljallab oʻrnatilgan bosim oʻlchagichli (manometr), bosim oʻtkazgich (reduktor) orqali oʻtkazish mumkin.
• Gaz chiqarilishi vaqtida ballon shunday joylashtirilishi kerakki, bunda shtutserning chiqish teshigi ishchidan boshqa tomonga yoʻnaltirilmogʻi lozim.
• Texnik koʻrikdan oʻtish muddati tugagan, ustki korpusi yoki ventili shikastlangan, rangi yoki yozuvi qoidalarga toʻgʻri kelmaydigan ballonlardan foydalanish taqiqlanadi.
• Kislorod balloni bilan ishlaganda qoʻllarga yogʻli krem surtish taqiqlanadi.
• Kislorodni qabul qilishda xavfsizlik qoidalariga rioya qiling - kislorod shilliq pardalarni kuyishiga olib keladi.
• Uy sharoitida hamda tibbiyot xodimlarining nazoratisiz kislorod ballonidan foydalanish taqiqlanadi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi