Joylarda 11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Shofirkon tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan tuman Axborot-resurs markazida tashkil etildi.
Karantin qoidalariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tkazilgan mazkur kechada iqtidorli qizlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlar,“Orasta qizlar” to‘garagi a'zolari ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqan Shofirkon tumani hokimi maslahatchisi Alisher Obidov, Respublika ma'naviyat va ma'rifat kengashi tuman bo‘limi boshlig‘i Karim Bobomurodov barcha qizlarni ushbu sana bilan samimiy qutlab, bugungi kunda jamiyatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqei tobora yuksalib borayotgani va ular hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta'kidladilar.
Tadbir doirasida kitobxon qizlar o‘rtasida mushoira o‘tkazilib, bellashuvda faol ishtirok etgan she'riyat ixlosmandlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Shuningdek, Angren shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan “Istiqbol”mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Ma'rifat” maskanida ham mazkur sanaga bag‘ishlab ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqanlar bunday tadbirlar qizlarning bilim olishga, mutolaaga bo‘lgan qiziqishini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, iqtidorli qizlar safini yanada kengaytirish, ularni turli yot g‘oyalar ta'siridin himoya qilish, yurtimizda olib borilayotgan bugungi islohotlarga faol munosabatini shakllantirish hamda oilaviy hayotga tayyorlashga xizmat qilishini aytib o‘tdilar.
“Nurchi”, “Istiqbol” va “Bobotog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari hamda iqtidorli o‘quvchi-qizlar ishtirok etgan mazkur tadbir davomida “Milliy libos – go‘zallik timsoli”, “Kitob – bebaho xazina” mavzularida ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Shuningdek, yig‘ilganlarga bugun mamlakatimizda gender tengligini ta'minlash, xotin-qizlarni turli zo‘ravonliklardan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida zarur ma'lumotlar berildi.
Tadbir so‘ngida Angren shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan faol ishtirokchi qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro qizlar kuniga 2012-yil 11-oktabrda BMT Bosh assambleyasida asos solingan. Ushbu kun qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga butun dunyoning e'tiborini qaratish maqsadida har yili 11-oktabrda nishonlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi