O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Anqara universiteti bilan hamkorlik qiladi
2020-10-09 | Ta’lim
TOShKENT, 9-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Anqara ijtimoiy-gumanitar fanlar universiteti islomshunoslik fakulteti o‘rtasida hamkorlikka doir Anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri markaz manbasiga asoslanib.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmatining xabar berishicha, memorandum markaz direktori Shovosil Ziyodov va Anqara ijtimoiy – gumanitar fanlar universiteti islomshunoslik fakulteti dekani professor Ali Usmon Kurt tomonidan imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra endilikda har ikki mamlakat ilmiy muassasalari hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini o‘rganish yo‘lida hamkorlik qiladi. Shuningdek, ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan konferensiya, seminar, ko‘rgazma va treninglar tashkil etish, ikki muassasa xodimlarining o‘zaro tajriba almashishi va malaka oshirishi, nashr ishlari uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Shu tariqa markazning xalqaro hamkorlari soni 28 taga yetdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi