O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi
2020-10-08 | Fan
Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi sohasidagi atoqli olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Tursunboy Rashidov 2020-yil 7-oktabrda 86 yoshida vafot etdi.
T.Rashidov 1934-yil 27-mayda Toshkent shahrida tugʻildi.
1956-yili Oʻrta Osiyo davlat universitetini (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) tugatib, ushbu ilmiy dargoh aspiranturasida tahsil oldi. 1964-yilda nomzodlik, 1972-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1984-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Isteʼdodli olim oʻzining qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasining M.Oʻrozboyev nomidagi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti rektori, Fanlar akademiyasining hayʼat aʼzosi, bosh ilmiy kotibi, akademik-kotibi, vitse-prezidenti va boshqa lavozimlarda samarali mehnat qilib, yurtimiz ilm-fani rivojiga, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi.
T.Rashidov Oʻzbekistonda murakkab tarmoqli yer osti inshootlarining seysmodinamik nazariyasi asoschisi boʻlib, respublikamizda seysmik mustahkamlik boʻyicha oʻz ilmiy maktabini yaratdi. Zahmatkash olim mexanika sohasida fundamental ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini xalq xoʻjaligi tarmoqlariga tadbiq etishga bevosita rahbarlik qildi. Ayniqsa, uning rahbarligida seysmik hududlarda yer osti inshootlari uchun qurilish meʼyorlari va qoidalari ishlab chiqilib, shu asosda Toshkent shahri metropolitenining yangi seysmik mustahkam konstruksiyalari yaratilgani ushbu soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Akademik T.Rashidovning oʻzi faoliyat koʻrsatgan fan sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan oʻnlab monografiyalari, yuzlab ilmiy maqolalari, koʻplab ixtirolari yurtimiz va xorijdagi olimlar oʻrtasida yaxshi maʼlum.
Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan taniqli olimning bevosita rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
Akademik T.Rashidovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori, “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Tursunboy Rashidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Manba: O'zA