O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hindistonlik mutaxassis: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylantirish uchun katta imkoniyatlar ega

2020-10-08 | Ta’lim

DEHLI, 8-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublika oliy ta’lim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish doirasida mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va «People Hive LLC» kompaniyasi raisi Pavan Abraxam o‘rtasida videomuloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«People Hive LLC» kompaniyasi 15 yil avval tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda AQSh va Hindistonda bir necha filiallarga ega. Kompaniya raisi Pavan Abraxam bir vaqtning o‘zida Hindiston Birlashgan savdo-sanoat palatasi Shimoliy Amerika bo‘limi prezidenti sifatida ham faoliyat yuritadi. Ushbu kompaniya xalqaro loyihalar uchun tegishli mutaxassislarni saralash va yetkazib berish, IKT xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha konsalting tashkiloti hisoblanadi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda «People Hive LLC» xorijda sifatli ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlarga tegishli maslahat va xizmatlarni taqdim etib kelmoqda.

Buxoro davlat tibbiyot instituti va «People Hive LLC» kompaniyasi o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik doirasida 2019 yil iyul oyida Hindistonning qator shtatlarida O‘zbekiston oliy o‘quv yurti faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar tashkil etildi. Tibbiyot institutida tahsil olish istagida bo‘lgan hindistonlik yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Natijada 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab 50 nafarga yaqin hind fuqarosi Buxoro davlat tibbiyot institutida ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Buxoro davlat tibbiyot instituti joriy yil 25 sentyabr kuni Hindistonning Noida xalqaro universiteti bazasida o‘z filialini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu bilan bugungi pandemiya sharoitida hind talabalarining o‘z vatanida turib tahsil olishi uchun qulay imkoniyat yaratildi.

Suhbat davomida «People Hive LLC» kompaniyasi rahbariga qisqa muddatlarda amalga oshirilgan samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Pavan Abraxam O‘zbekistondagi mavjud oliy ta’lim tizimi imkoniyatlariga baho berar ekan, uni Markaziy Osiyodagi xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

«People Hive LLC» kompaniyasi raisi tibbiyot ta’limi bilan bir qatorda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida muhandislik, IKT, sun’iy intellekt, menejment, qishloq xo‘jaligi, xususan intensiv baliqchilik va sholichilik kabi ta’lim yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Mutaxassisga ko‘ra, bugungi kunda Hindistonda talab yuqori bo‘lgan mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro jozibadorligini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться