O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda AQSh, YI va XXR bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2020-10-06 | Iqtisodiyot
TOShKENT, 6-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida dushanba kuni videokonferensiya shaklida AQSh, Yevropa Ittifoqi va XXR bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati hamda O‘zbekiston Respublikasining XXR, AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda AQSh bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish, jumladan, o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va ikki tomonlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hukumatlararo bitimlarni imzolash masalalari hamda AQShning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yaqin vaqt ichida Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi biznes-forumining navbatdagi yig‘ilishini hamda AQSh ishbilarmon doiralar vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishning shart-sharoitlari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro hamkorlik qilish yo‘nalishida O‘zbekiston tomonidan «PBT+» benefitsiar mamlakat maqomini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati ko‘rib chiqildi hamda bu jarayonni tezlashtirish bo‘yicha amaliy mehanizmlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) tuzish bo‘yicha muzokaralar yakunlanishini tezlashtirish va milliy qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
XXRda ustuvor tarmoqlardagi aniq investitsiyaviy takliflarining taqdimotlari namoyish etilishini o‘z ichiga olgan biznes-forumlar tashkil etish orqali O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga xitoylik investorlarni jalb etish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutgan holda XXR bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yil 5-10-noyabr kunlari Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan import tovarlarning Uchinchi xalqaro ko‘rgazmasida o‘zbek eksportchilari delegatsiyasining rejalashtirilgan ishtiroki doirasida yangi savdo kelishuvlari ustida ishlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuv natijasida qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining mas’ul rahbarlari va vakillariga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi