O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kanada bilan energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

2020-10-06 | Iqtisodiyot

VAShINGTON, 6-oktabr. / «Dunyo» AA /. O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi – Vashingtonda) Javlon Vahobov «Condor Petroleum Inc.» neft va gaz kompaniyasi (Kanada) direktori va kengashi raisi Dennis Balderston hamda kompaniya prezidenti Don Streum bilan onlayn-muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad xorijiy investorlarni O‘zbekistonda geologik qidiruvni kengaytirish va tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarga jalb qilishdan iborat bo‘ldi.

Elchi mamlakatimizda jozibali sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarning mohiyati haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan elektr va gaz ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, yangi avlod inshootlari va elektr uzatish liniyalarini bunyod etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, davlat va xususiy sheriklik asosida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Dennis Balderston O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi salohiyati yuqori ekanini, tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Condor Petroleum Inc.» kompaniyasi ushbu sohada sarmoyaviy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Hozir gaz qazib olish, gaz zaxiralarini ko‘paytirishga sarmoya kiritish, ishchilar malakasini oshirishga hissa qo‘shish uchun qulay fursat keldi.

«Condor Petroleum» O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z kapital quyilmalari va ishlab chiqarish operatsiyalari xarajatlari hisobidan 1 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishga, shuningdek, ushbu sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etishga tayyorligi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekistonda turli xil mutaxassisliklar bo‘yicha mahalliy kadrlar tayyorlash uchun Kanada kasb-hunar maktablarini yaratish, shuningdek, ijtimoiy loyihalarga mablag‘lar yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya prezidenti Don Streum «Condor Petroleum» kamida beshta mavjud gaz konlarida faoliyat olib borishga tayyorligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari Buxoro viloyati Gazli shaharchasidagi beshta ishlab chiqarish maydonlarini o‘rganib chiqdi. Ushbu loyihani 2021-2024-yillarda amalga oshiriladi.

Muzokaralar davomida «Condor Petroleum» kompaniyasi O‘zbekistonda innovatsion yechimlar va zamonaviy ilg‘or texnologiyalar joriy etish hisobidan tabiiy gaz qazib olish va uning zaxiralarini sezilarli darajada oshirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

«Condor Petroleum» rahbarlari mavjud konlardan gazni qazib olishni ikki baravar ko‘paytirish turli xarajatlarni kamaytirishga, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish, transport vositalari va og‘ir uskunalarni ishlatishda suyultirilgan tabiiy gazdan keng foydalanish va dizel yoqilg‘isiga bog‘liqlikdan xoli bo‘lishga xizmat qiladi.

Elchixona xabariga ko‘ra, Kanada kompaniyasi O‘zbekiston bilan geologik qiliruv ishlarini kengaytirish va tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirishda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor va respublikada istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor.

«Condor Petroleum» 1994-yil tashkil etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Indoneziya, Liviya, Angola, Turkiyada faoliyat olib boradi. Kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasida eng yirik va texnik jihatdan ilg‘or seysmik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash 3D dasturiga ega. Mazkur mukammal dastur qidiruv ishlari olib borish uchun umumiy salohiyati 1,5 milliard barreldan ortiq bo‘lgan 79 ta istiqbolli neft qazib olish ob’ektini aniqlashga imkon berdi.

«Condor Petroleum» kompaniyasi «O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2019» 23-xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etgan.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться