Hozirda umumiy yer maydoni 551,5 kv.km. bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida 122 ming 675 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Ularning qariyb 70 foizi ishga yaroqli yoshda. U yerda bir qator sanoat, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ammo hududdning geografik joylashuvi va boshqa tabiiy omillar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganligini ko‘rsatmoqda. Masalan, tumandagi jami sanoat korxonalarining bor yo‘g‘i ikkitasi yirik korxonalar toifasiga kiradi. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish sifati pastligi, investisiya loyihalarini amalga oshirish ishlari sustligi sababli Xo‘jayli tumani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida nisbatan past ko‘rsatkichlarni qayd etib kelmoqda.
Shu sababli, joriy yil 2-oktabr kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Xo‘jayli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investision salohiyatini oshirish masalalariga Davlat soliq qo‘mitasi raisi mas'ul etib biriktirildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev rahbarligida Xo‘jayli tumanida ijtimoiy, iqtisodiy, kommunal sohalar, mahalla va yoshlar ishlariga javob beradigan tuzilmalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Jumladan, muammolarni o‘rganib chiqish va tezkor hal etish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi raisining maxsus shtabi tashkil etildi. Shtab uchun alohida xona ajratilib, barcha zarur jihozlar, shu jumladan, internet tarmog‘iga ulangan zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan ta'minlandi.
Tumanda ijtimoiy infratuzilma rivojlantiriladi – mahallalar, ko‘chalar obodonlashtiriladi, kommunal ta'minot va aloqa tizimlari sifati yaxshilanadi, mavjud ijtimoiy obyektlar rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etiladi.
Aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida ham chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, tadbirkorlik rivojlantirilib, faoliyati to‘xtab qolgan sub'ektlar qayta tiklanadi, yangi sanoat korxonalari tashkil etilib, ish o‘rinlari soni oshiriladi. Bundan tashqari, investisiyalarni jalb etish, xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta'minlash, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham qator loyihalar amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi