O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Hindiston harbiy hamkorligi mustahkamlanmoqda
2020-10-06 | Xavfsizlik sohasi
DEHLI, 6-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida harbiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar doirasida mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Hindiston mudofaa vazirining o‘rinbosari Ajay Kumar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ajay Kumar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik o‘zaro do‘stona va yaqin munosabatlar asosida yanada rivojlanib borayotganini ta’kidlab, Dehli o‘zining yaqin do‘sti – Toshkent bilan keng qamrovli aloqalarni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Vazir o‘rinbosari mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotning ko‘plab sohalarida sezilarli yutuqlarga erishilgani va sheriklikning yangi bosqichga ko‘tarilganiga alohida e'tibor qaratdi.
Uchrashuvda mamlakatlar Mudofaa vazirliklari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish va istiqbolli sohalarda hamkorlikni kengaytirish borasida ko‘plab imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi va qator masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Suhbat davomida Hindiston tomoniga joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi