O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorazm viloyatining turistik obyektlari bo‘ylab media-tur tashkil etildi
2020-10-05 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasining Xorazm viloyati departamenti hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi hamkorligida Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish yo’lida amalga oshirilayotgan ishlar, hududning noyob tarixiy-madaniy va me`moriy obidalari bilan tanishtirish maqsadida viloyatning faol jurnalist va blogerlari ishtirokida media-tur tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan media-turda Xorazm viloyatidagi tarixiy obidalar, jumladan, Hazorasp tumanidagi "Sulaymon Qal'a", Bogʻot tumanidagi, "Qalajiq qalʼa", Urganch tumanidagi turkman va o`zbek xalqlarining do`stlik ramzi bo`lmish “Ulli hovli” va Xiva shahridagi mashhur tarixiy majmualarga tashrif buyurildi. Media-turda viloyatning 20 nafardan ziyod jurnalist va blogerlari ishtirok etdi.
Bloger va jurnalistlar qal`a atrofini kuzatib, mahalliy hunarmandlarning sopol ididshlar va tandirlar yasash jarayoniga ham guvoh bo’lishdi. Ayniqsa, 14 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Davron Otamurodovning badiiy koʻrgazmasi va shaxsiy ustaxonasi mehmonlarda ajoyib taassurot qoldirdi. Mehmonlar rassomning o'z asarlarini yaratish jarayoni hamda milliy rangtasvirlardan bahramand bo’lish barobarida rassomning o`zi bilan ham suhbat qurishdi. Shuningdek, Xorazm viloyati hududida 3 ming yillik tarixga ega qadimiy "Qalajiq qal’a" ham sayyohlar diqqatiga sazovor bo’ldi. Cho’l bag’ridagi sho’rko’l, uning mo’tadil iqlimi va tuprog’i ko’p dardlarga davo sanalgani uchun bu yer turistlar bilan gavjum. Ularga qulaylik yaratish uchun ko`l atrofida qora uylar, choyxona va mehmonxonalar barpo qilingan.
Media-tur doirasida uning barcha qatnashchilari viloyatdagi turistik obyektlar haqida chuqurroq ma’lumotlarga ega bo’lib, ichki turizm rivojiga o’z hissalarini qo’shishga bel bog‘lashdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi