O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ilm-fan va texnologiyalar vazirlarining “davra suhbati”da O‘zbekiston tomoni o‘z takliflarini ilgari surdi
2020-10-05 | Fan
TOShKENT, 5-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov videokonferensaloqa orqali o‘tkazilgan «Ilm-fan va texnologiyalar vazirlarining davra suhbati» hamda «Jamiyatda ilm-fan va texnologiyalar» xalqaro forumida qatnashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri vazirlik manbasiga asoslanib.
Tadbirda Avstraliya, Kanada, Misr, Hindiston, Yaponiya, Qatar, Rossiya, Shveysariya kabi 50 ga yaqin davlatning ilm-fan va texnologiyalarga mas’ul vazirlari va vazir o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Ilm-fan va texnologiyalar vazirlarining “davra suhbati”da O‘zbekiston o‘z takliflarini ilgari surdi. Jumladan, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘z nutqida xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik va ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish lozimligini qayd etdi.
O‘zbekistonda hozir Germaniya, Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarning olimlari bilan hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgani ta’kiblanib, ilmiy tadqiqotlar natijalarini jamiyatimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
“Davra suhbati”da, shuningdek, yangi bilimlarni yaratishning eng muhim sharti – ilm-fandagi mavjud ma’lumotlarni to‘plash, ularni qayta ishlash, tahlil qilish, ixtirolar qilishni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Ma’lumotlar, jumladan, bilimlarni to‘plash muammosini chuqur tushunish uchun muhim sanaladi. Bunda fanlararo yo‘nalishdagi tadqiqotlarning dolzarbligi tobora oshib boraveradi. Bu o‘rinda, xalqaro qo‘shma loyihalarning o‘rni beqiyos hisoblanadi. Ijtimoiy, gumanitar va tabiiy fanlarni o‘zida mujassam etgan tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, ilm-fanning shaffofligi yo‘lidagi harakatlar o‘z samarasini berishiga bo‘lgan ishonch “davra suhbati”ning bosh mavzusiga aylandi.
«Jamiyatda ilm-fan va texnologiyalar» forumi 2004-yil Yaponiya hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ilm-fan yetakchilari, ilm-fan uchun mas’ul idoralar rahbarlarining norasmiy shaklda muloqotini ta’minlashga qaratilgan. Unda insoniyat oldida turgan global muammolar va ularning texnologiyalar orqali yechimlari oldida turgan dolzarb muammolar muhokama etiladi.
Yaponiya ayni paytda «Jamiyat 5.0» deb nomlangan strategiyani ilgari surmoqda. Bu jamiyatning raqamli transformatsiyasi bo‘lib, unga ko‘ra barqaror va inklyuziv jamiyat yaratiladi. Ilmiy-texnik tadqiqotlar sohasidagi siyosat ijtimoiy va gumanitar fanlardagi chuqur izlanishlar orqali yangi jamiyatning yangi qadriyatlarini yaratishi lozim. Haqiqiy ma’lumotlar, ishonch, ochiqlik COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda alohida ahamiyat kasb etadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi