O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkiya imtiyozli savdo munosabatlariga o‘tadi
2020-10-04 | Iqtisodiyot
ANQARA, 4-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Qudratov juma kuni Turkiya Respublikasi savdo vazirining o‘rinbosari G.Batur bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Onlayn-muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi shartnomani imzolash shartlari bo‘yicha oltinchi ekspert muzokaralari natijalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar tovarlarning qisqa ro‘yxatini shakllantirishni muddatidan oldin yakuniga yetkazishga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur mahsulotlarga nisbatan o‘zaro asosda bozorga kirishning imtiyozli shartlari taqdim etiladi.
Iqtisodiyotning sezgir tarmoqlari, biznes manfaatlarini hisobga olgan holda tanlangan tovar turlariga tenglik asosida imtiyozlar qo‘llash kelishib olindi. Xususan o‘zaro savdoda tarif kvotasini qo‘llash, tovarlarni bojxona to‘lovlaridan to‘la va qisman ozod qilish nazarda tutilmoqda.
Uchrashuvda tanlangan tovarlarga imtiyozlar berish shartlari bo‘yicha muzokaralarni shu yil oxirigacha yakuniga yetkazish, shuningdek, 2021 yil boshida Shartnomani imzolashga kelishib olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi