O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Taʼlim tizimi butunlay yangi bosqichga koʻtarilishi uchun barchamiz masʼulmiz

2020-10-04 | Ta’lim

Chinakam yuksalish hamda munosib turmush farovonligiga erishishni maqsad qilgan davlat borki, eng avvalo, taʼlim tizimini isloh qilish, ilm-fan sohasini rivojlantirish, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodning yangilikka intilishi, tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratadi. 

Boisi yurtning buyuk kelajagi, uning iqtisodiy qudrati, ijtimoiy-maʼnaviy hayot darajasining yuksalishini sifatli taʼlimsiz, yetuk va malakali kadrlarsiz aslo tasavvur etib boʻlmaydi.
 
Shu nuqtayi nazardan, soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi Oʻzbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham ijobiy oʻzgarishlar, izchil islohotlar olib borilmoqda. Oʻzbekistonni yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida mazkur sohani tubdan takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish, yetuk va malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu borada dadil qadamlar tashlanmoqda.
 
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, oʻtgan qisqa vaqt ichida sohada olib borilgan islohotlar natijasida maktabgacha taʼlim tizimida boshqaruvning butunlay yangicha uslubi amaliyotga tatbiq etildi, maktab taʼlimida 11 yillik tizimga oʻtildi, pedagoglar, ustoz va murabbiylarning obroʻ-eʼtibori, nufuzi oshib, jamiyatda oʻqituvchilik kasbining maqomi yana-da yuksaldi. 
 
Nodavlat taʼlim xizmati koʻrsatish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tizimi qayta koʻrib chiqildi, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish choralari yana-da kuchaytirildi. Bir soʻz bilan aytganda, bugun mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish katta ijtimoiy hodisa — davlat siyosatining eng asosiy va muhim yoʻnalishiga aylandi.
 
Bu hayotiy haqiqatni Davlatimiz rahbarining “1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqini tinglagan mamlakatimizdagi har bir pedagog, ustoz va murabbiy, qoʻyinki, oʻzini shu yurt ertasi, uning kelajagi va taraqqiyotiga daxldor deb bilgan barcha vatandoshimiz yana-da teranroq angladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
 
Prezidentimiz oʻz nutqi davomida taʼlim tizimidagi bir qator muhim jihatlar qatori joriy yildan boshlab yurtimizdagi maʼlum toifaga mansub 940 nafar xotin-qizlarning davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingani kelajakda ularning jamiyat uchun munosib kasb egalari boʻlib kamol topishiga puxta zamin yaratishini taʼkidlab oʻtdi.
 
Hech kimga sir emas, yaqin-yaqinga qadar maktab oʻqituvchilarining taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari, oʻz kasbiga tegishli boʻlmagan turli yigʻilishlarga jalb qilinishi odatiy holga aylanib qolgan edi. Soʻnggi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida bu jarayonlarga butunlay chek qoʻyildi, zahmatkash kasb egalarining koʻp yillik muammolari toʻla-toʻkis bartaraf etildi.
 
Qolaversa, yangi tasdiqlangan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, taʼlim muassasalari xodimlarining ijtimoiy himoya kuchaytirilib, oʻqituvchilarga mualliflik dasturi va oʻqitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, oʻqitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.
 
Murojaat davomida yurtimizda kechayotgan keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganiga alohida urgʻu berilib, milliy taʼlim tizimi poydevoriga fidoyilarcha hissa qoʻshgan, uni shakllantirgan maʼrifatparvar bobolarimizning zahmatli mehnati alohida eʼtirof etildi. 
 
Albatta, buyuk ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan mazkur bebaho madaniy merosga asoslanib, mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Hamma gap bizning ulardan oqilona foydalana olishimizda.
 
Muhtaram Prezidentimiz bu masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirar ekan, yurtimizning eng chekka hududlaridan biri hisoblangan Qorakoʻl tumanida joylashgan taʼlim maskanining tajribasi, bu bilim dargohi erishayotgan yutuqlarni yurtimiz boʻylab ommalashtirishga alohida urgʻu berib, har bir tumanda eng kamida 1 ta ana shunday maktab tashkil etish, Qorakoʻl maktabi biz uchun zamonaviy taʼlim maskanining haqiqiy andozasi boʻlishi lozimligini alohida taʼkidladi.
 
Aytib oʻtilganidek, Uchinchi Renessans masalasi strategik vazifa sifatida milliy gʻoya darajasiga koʻtarilayotgani, buning uchun maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalar boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi ekanligi, bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilar yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlovchi ota-onalar yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni boʻlishi shu Vatanda yashayotgan barcha yurtdoshlarimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi, albatta.
 
Davlatimiz rahbari oʻz nutqi davomida taʼkidlaganidek, farzandlarimizning “IT” texnologiyalarga qiziqishini yana-da oshirish va ularning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishi uchun sharoit yaratish maqsadida joriy yilda – 14 ta, kelgusi yilda – 82 ta, 2022-yilda – 64 ta, 2023-yilda – 45 ta axborot texnologiyasiga ixtisoslashgan maktablar tashkil etilishi hamda barcha tuman va shaharlar qamrab olinishi, qolaversa, xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari va ularning oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyilishi, tabiiyki, yurtimiz taʼlim tizimini butunlay yangi bosqichga olib chiqadi.
 
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimizda soʻnggi 4 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy oʻquv yurti, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarining soni 125 taga yetdi. Qolaversa, davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Biroq hali bu sohada ham qilinadigan ishlar, hal etilishi lozim boʻlgan muammolar talaygina.
 
Muhtaram Prezidentimiz bu masalaga ham toʻxtalib oʻtar ekan, aksariyat oliy oʻquv yurti bitiruvchilarining bilim va malakasi mehnat bozori talablariga javob bermayotgani, mahalliy taʼlim muassasalarida innovatsion faoliyat hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish darajasi juda past ekanligi, tizimda ilmiy darajali oʻqituvchilar ulushi oʻrtacha 37 foiz ekani hamda oliy taʼlim maskanlarini ilmiy laboratoriyalar bilan jihozlash, tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash darajasi ham past ekanini kuyunchaklik bilan aytib oʻtdi. Shu bois, murojaatda bu boradagi muammolarni tizimli ravishda hal etish, yoshlarni ilmiy ishlar, foydali loyihalarga jalb etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yana-da rivojlantirish, ayniqsa, “raqamli iqtisodiyot” boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash nihoyatda zarur ekanligi aytib oʻtildi.
 
Shuning barobarida alohida qayd etib oʻtilganidek, oxirgi yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasini sogʻlom, toʻlaqonli faoliyatga qaytarish uchun zarur amaliy choralarni koʻrildi, jamiyatimizda ilm-fanning qadrini keskin oshirish, olimlar va tadqiqotchilar uchun sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish yoʻlida jiddiy amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda ilm-fan sohalarini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilishi bu boradagi ishlarni yana-da olgʻa siljishiga turtki boʻlishi, shubhasiz.
 
Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning ustoz va murabbiylarga yoʻllagan ushbu murojaati ota-onalar, oʻqituvchilar, shuning barobarida, barcha vatandoshlarimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Shu bois soha rivoji yoʻlida belgilangan mazkur vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirish oʻzini shu yurt ravnaqiga daxldor deb biladigan barcha yurtdoshlarimizga katta masʼuliyat yuklashi, tabiiy.
 
Rahmat MAMATOV,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri

Manba: O'zA

Поделиться