O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YXHT Doimiy kengashida Xalqaro axborotdan umumiy foydalanish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan yuqori darajadagi onlayn-konferensiya yakunlari to‘g‘risida axborot berildi
2020-10-03 | Siyosat
2020-yil 1-oktabr kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Doimiy kengashining (YXHT DK) yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining YXHTdagi Doimiy vakili Abat Fayzullayev 2020-yil 28-sentabrda Xalqaro axborotdan umumiy foydalanish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan yuqori darajadagi onlayn-konferensiya yakunlari to‘g‘risida nutq so‘zladi.
YXHT DK yig‘ilishida Tashkilotning barcha 57 a’zo davlatlari va 11 sherik davlatlari diplomatik vakolatxonalari rahabarlari hamda YXHT Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Doimiy vakili o‘z nutqida “konferensiya ishida 40 davlatdan 200 dan ortiq ekspertlar hamda BMT, YXHT, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, qator davlatlarning hukumat tuzilmalari, diplomatik va akademik doiralar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
BMT Bosh kotibining global kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming, YXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi, YXHTning Mojarolarni oldini olish bo‘yicha markazi direktori Tuula Yuryolya, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, OAV erkinligi masalalari bo‘yicha YXHT vakili ofisi direktori Yurgen Hayssel, YXHT loyihalarining O‘zbekistondagi Koordinatori Jon MakGregor va BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Helena Freyzer konferensiyaning asosiy ma’ruzachilari bo‘ldi.
Tadbir chog‘ida qatnashchilar pandemiya davrida insonlarning axborotdan erkin foydalanish borasidagi fundamental huquqlari cheklanishiga global darajada yo‘l qo‘ymaslikning muhimligiga; mazkur huquqning konstitutsiyaviy va qonunchilik darajalarida so‘zsiz ta’minlanishining zarurligiga; ushbu sohada siyosiy kafolat tizimini joriy qilishning yuksak ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Sessiya muhokamalari doirasida onlayn-konferensiya ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash, davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot oldilar.
Axborot sohasida oshkoralik va liberallashtirish bo‘yicha boshlangan ishlar vaqtinchalik o‘zgarishlar emas, balki ongli ravishda tanlangan siyosiy yo‘nalish bo‘lib, mamlakatimiz ushbu jarayonning tarafdori va unga to‘liq amal qilishi, bu haqida davlat rahbari bir necha bor to‘xtalib o‘tgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, anjumanda dunyodagi so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligi sohasidagi mavjud vaziyat, ushbu yo‘nalishda davlatlar duch keladigan zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlar hamda ularni bartaraf etishning mumkin bo‘lgan usullari, soxta yangiliklar va yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida fikr almashildi”, – deb qayd etdi.
Yig‘ilishdan so‘ng Doimiy vakolatxonaning Xalqaro axborotdan umumiy foydalanish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan yuqori darajadagi onlayn-konferensiya yakunlari to‘g‘risidagi nutqi YXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi