O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Moskvada “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi

2020-09-29 | Madaniyat

MOSKVA, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan Moskva davlat tilshunoslik universitetida besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda diplomatik missiya mas’ul xodimlari, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar tillari va madaniyatlari bo‘yicha tashkiloti direksiyasi rahbariyati, Moskva davlat tilshunoslik universiteti professorlari, o‘qituvchilari va o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi hamda mavqeini oshirishga, uni siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat tilini rivojlantirish, shu jumladan o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar ijobiy samara berayotgani e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda yigirmaga yaqin xorijiy davlatning nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ko‘plab maktablarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilarning safi yil sayin kengayib borayotir. Xususan, Rossiyada ham Navoiy tiliga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib borayotgani quvonarli holdir. Jumladan, Moskva davlat tilshunoslik universitetida O‘zbek tili markazi va O‘zbek tili do‘stlari klubi faoliyat yuritmoqda. Tilimiz Moskva davlat universiteti Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlari instituti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti singari oliy o‘quv yurtlarda ham faol o‘rganib kelinmoqda.

Tadbir ishtirokchilarining fikr bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining bir guruh olimlari tomonidan besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” tayyorlanib, nashr etilgani o‘zbek tilini asrash, boyitish va rivojlantirishda qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga olgan nashr nafaqat O‘zbekistonda, balki undan tashqarida yashayotgan til jonkuyarlari uchun ham amaliyotda foydalanishga kerakli qo‘llanmaga aylanishiga ishonch bildirildi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться