O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ona tilimizning jahon minbarlaridan yangrashi har birimizga g‘urur baxsh etdi
2020-09-29 | Madaniyat
2020-yil 23-sentabr mustaqil O‘zbekiston tarixi sahifalariga zarxal harflar bilan bitiladi. Bu sana o‘zbek xalqi uchun unutilmas kun bo‘lib qolishi, tabiiy. Ona tilimizning jahon minbarlaridan yangrashi har birimizga g‘urur baxsh etdi.
Aynan mana shu kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek xalqining ko‘p yillik orzusini ushaltirib, mazkur yuksak minbardan turib, o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Ona tilining qadr topishini istagan, bu yo‘lda harakat qilgan va kerak bo‘lsa, jonini fido qilgan ota-bobolarimiz armoni ushaldi, deb baralla aytsak bo‘laveradi.
Prezidentimizning jahon minbarlarida o‘zbek tilida qilgan chiqishi haqida nafaqat oddiy fuqaro, o‘zbek millati vakillari, balki xorijlik mashhur siyosatchilar, mutaxassislar o‘zlarining juda ko‘plab iliq fikrlarini bildirdi.
O‘zbek tilining mana shunday minbardan yangragani bir marta qalblarni faxrga to‘ldirgan bo‘lsa, yurtboshimiz bergan takliflar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani yana bir marta qalblarni to‘lqinlantirdi.
Men Prezidentimizning bu chiqishini O‘zbekistonning har bir fuqarosi, ayniqsa vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari kelgusida xalqaro maydondagi ishtiroklarida o‘zbek tilida faxr bilan chiqish qilishlariga da’vat deb bilaman.
O‘zbek tilini jahon tan oladigan, dunyo xalqlari sevib o‘rganadigan tilga aylantirish yo‘lida birlashishimiz, birgalikda, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlagan holda ish olib borishimiz zarur. Bir narsani to‘g‘ri anglashimiz kerak, ya’ni bu faqatgina “tilchi”larning ishi degan fikrni miyamizdan chiqarib tashlash vaqti keldi.
Bugun respublikamiz iqtisodiyotini ko‘tarish, hayotimizni raqamlashtirish, har bir sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy qilish, xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb etish kabi yo‘nalishlarda qanday yuqori sur’atlarda harakatlanayotgan bo‘lsak, o‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha ham xuddi shunday shijoat ko‘rsatishimiz talab etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil iyun holatiga yer yuzi aholisining umumiy soni 7 milliard 800 milliondan ortiq va ana shu aholi jami 7100dan ortiq tilda so‘zlashar ekan. Kommunikatsiya rivojlanib borishi bilan birga, har ikki haftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Yer yuzi aholisining ikkidan uch qismi eng ko‘p tarqalgan 40 dan ortiq tilda muloqot qiladi. Ana shu qirqta tilning ichida o‘zbek tili ham bor.
Odamlarning asosiy qismi xitoy, hind, ingliz, ispan, arab, rus va portugal tillarida so‘zlashadi. Shuningdek, fransuz tili ham anchagina keng tarqalgan tillardan hisoblanadi. Tillar rivojlanib borishi bilan birga 400dan ortiq tilga yo‘qolib ketishi mumkin degan taxmin ham mavjud.
Til undan oxirgi foydalanuvchi vafot etishi bilan o‘ladi va shuning uchun ham hammadan ham oldin yozma tildan foydalanilmaydigan xalqlarda mazkur holat tezroq sodir bo‘lishi mumkin.
Shukrki, bizda bunday emas. Bunga misol sifatida yaqindagina Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan nashrdan chiqarilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni, “Davlat tilida ish yuritish” uslubiy qo‘llanmasini va boshqalarni keltirish mumkin. Mazkur nashrlarning taqdimotlari nafaqat yurtimizda, balki mamlakatimizning xorijiy, xususan AQSh, Belgiya, Niderlandiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, kabi davlatlardagi elchixonalari tomonidan chet davlatlarda ham o‘tkazildi. Bu jarayon to‘xtab qolgani yo‘q, davom ettirilmoqda. Pokistonda esa Alisher Navoiy o‘zbek tili markazi ochildi.
Shu o‘rinda oxirgi bir yil ichida yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni bilan 21-oktabr keng miqyosda bayram sifatida nishonlanadi. Bu jarayon shaxsan Prezidentimiz nazoratida ekanligi esa tilimizga berilayotgan e’tiborning naqadar yuksakligini bildiradi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Atamalar komissiyasi, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda respublika hududlarida markazning 13 ta bo‘limi ish boshladi. Barcha oliy o‘quv yurtlarida “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedralari tashkil etildi.
Barcha davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy hokimliklar tuzilmalarida rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida faoliyatning asosiy qismi davlat tilida olib borilayotgani yuqorida keltirilgan ishlarning uzviy davomi sifatida bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Sanab o‘tilganlar xamir uchidan patir xolos. Zero, milliy davlatchiligimiz va o‘zligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish har birimizning eng muhim faoliyat yo‘nalishlarimizdan biriga aylanishi lozim.
Nurulla Abdullayev,
Axborot texnologiyalari va
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
vaziri maslahatchisi
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi