Tojikistonning Soʻgʻd viloyatida Oʻzbekiston tomonidan bunyod etilgan maktab ochildi
Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd viloyatida Oʻzbekiston mablagʻlari hisobiga bunyod etilgan yangi umumtaʼlim maktabi foydalanishga topshirildi. 630 oʻringa moʻljallangan umumtaʼlim maktabi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-2019-yillarda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq bunyod etildi.
Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlarini qoʻshnichilikning koʻp asrlik anʼanalari bogʻlab turadi.
Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo yangicha qiyofa kasb etmoqda. Hamkorlikning yangi sahifasi ikki davlat xalqlari manfaatlari yoʻlidagi yangi marralarni koʻzlamoqda.
Yangi sahifa ikki davlat oʻrtasidagi barcha sohalar kabi taʼlim yoʻnalishini ham qamrab olgan.
Maktabning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Zamon talablari asosida bunyod etilgan taʼlim maskanida sifatli taʼlim olish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Maktab fizika, kimyo, astronomiya, biologiya, chizmachilik boʻyicha ixtisoslashtirilgan fanlardan amaliy mashgʻulotlarni, shuningdek, oʻgʻil bolalarni metall va yogʻochni qayta ishlash, qizlarni uy xoʻjaligi, oshpazlik sanʼati va hunarmandchiligi boʻyicha mehnat koʻnikmalariga oʻrgatish uchun individual shartlarga binoan amalga oshirildi. Maktab yopiq sport zali, ochiq stadion, zamonaviy kutubxona bilan toʻliq jihozlangan.
Manba: O'zA