Piskent va Oxangaron tumanlarini kompleks rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 27-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi va vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi Piskent va Oxangaron tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasining joriy holatini o‘rganish va uni oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun Toshkent viloyatiga yo‘l oldi.
Piskent tumanida mas'ul rahbarlarga 2020-yilda amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalarni hamda uy-joy qurilishi va shahar obodonchiligi sohasidagi loyihalarni inventarizasiya qilish, ularning sifatli va o‘z vaqtida implementasiya qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi muammoli masalalarni aniqlash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Sanoat va qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida investisiyaviy loyihalarni amalga oshirishning hozirgi holatiga alohida e'tibor qaratildi - har bir eksportchi va investisiyaviy loyihalari tashabbuskorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashni faollashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Yuqoridagi loyihalarni qisqa muddatlarda amalga oshirishni yakuniga yetkazish va ishga tushirish maqsadida mas'ul ijrochilar va muddatlar ko‘rsatilgan holda tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va tegishli vazirliklar, idoralar va tijorat banklari aniq loyihalarga biriktirilishini ta'minlash topshirildi.
Oxangaron tumanida guruh ishi sanoat, qishloq xo‘jaligi, investisiyalar, eksport, uy-joy va infratuzilma qurilishi, ijtimoiy rivojlanish va aholi bandligini ta'minlash sohalarini qamrab oluvchi 8ta asosiy yo‘nalishga bo‘lindi va har biri bo‘yicha tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat alohida kichik guruhlar tashkil etildi.
Shuningdek, ushbu kichik guruhlar faoliyati sanoat ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy infratuzilmani takomillashtirish, sog‘liqni saqlash, ta'lim, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish hamda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish orqali kasanachilikni rivojlantirish uchun sharoitlarni yaratish hisobiga aholi bandligini ta'minlashga yo‘naltirilgan yangi taklif va loyihalarni ishlab chiqishga qaratiladi.
Ushbu hududlarning iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida “o‘sish nuqtalari” deb ataluvchi eng istiqbolli tarmoqlarga e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.
Shu bilan birga, olib borilayotgan ishning asosiy prinsipi maqsadli yondashuv bo‘ladi - qo‘shimcha ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratish orqali samarali qo‘llab – quvvatlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha muammoli masalalar ustida har bir tadbirkor, eksportchi va xizmat ko‘rsatish sohasi tashkiloti bilan, shuningdek, alohida mahallalar, ijtimoiy zaif oilalar (“Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan), ishsiz yoshlar va xotin-qizlar vakillari (“Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”) darajasida alohida ishlanadi.
Piskent va Oxangaron tumanlarida olib borilayotgan ishlar monitoringi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida maxsus tashkil etilgan shtablar tomonidan doimiy asosda olib boriladi. Shakllantirilgan kichik guruhlar faoliyatining natijalari bo‘yicha hisobotlar har haftada ko‘rib chiqiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi