O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov turizm sohasi vakillarini kasb bayrami bilan tabrikladi
2020-09-27 | Turizm
27-sentabr – Butunjahon turizm kuni. Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkilotiga aʼzo, barcha davlatlarda nishonlanuvchi ushbu bayram turizm sohasini keng targ‘ib qilish, uning jahon iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini qayd etish hamda turli mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yana-da rivojlantirishni maqsad qilgan.
2020-yil barcha sohalar qatori turizm sohasi uchun ham og‘ir keldi, zero turizm iqtisodiyotning koronavirus natijasida eng ko‘p jabr ko‘rgan sektorlaridan biri bo‘ldi. Dunyoning biror bir mamlakati yo‘qki, COVID-19 asoratlaridan jabr ko‘rmagan bo‘lsa! Sayohatlarning cheklanishi, soha xizmatlariga bo‘lgan talabning keskin pasayishi iqtisodiyotga salbiy taʼsir ko‘rsatish bilan birga ko‘plab ishchi o‘rinlarining yo‘qolishiga ham olib keldi.
Shunday bo‘lsa-da, davlatimiz rahbari tomonidan shunday murakkab bir davrda sohaning ahamiyatini inobatga olib, turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir qator hujjatlar imzolandi.
Prezidentimiz tomonidan 2020-yilning 19-martida bu yo‘nalishda ilk qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5969-sonli farmonda ham, ayniqsa shu yilning 28-mayida qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6002-sonli farmonda ham turizm sohasini qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan choralar belgilandi. Ularga ko‘ra, pandemiya davrida turizm sohasi uchun qator yengilliklar yaratilib, shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga imtiyozlar taqdim etildi. Buning uchun davlatimiz rahbariga sohaning barcha vakillari nomidan cheksiz tashakkurimizni izhor qilgan holda, kelgusida, albatta, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz!
Ishonamanki, birgalikdagi harakatimiz natijasida mamlakatimizda turizm sohasini qayta tiklab, aholimizning bandligini, ularning daromadlarini oshirishni taʼminlaymiz, pirovardida iqtisodiyotimizni yana-da yuksaltiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi pandemiya sharoitida O‘zbekistonda turizm sohasi rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan barcha insonlarni Butunjahon turizm kuni bilan samimiy qutlayman! Ularga sinovli davrni mardonavor yengib kelayotganliklari, sohaga ko‘p yillik mehnatlari singan hamkasblarimizning bugunga qadar biz bilan birga ekanliklari uchun o‘z minnatdorchiligimni izxor etaman.
Sizdek fidoyi mutaxassislarning ko‘p yillar davomida turizm sohasi rivoji uchun xizmat qilishi, shu yo‘nalishda taʼlim olayotgan yoshlarni munosib tarbiyalashlariga katta umid bildiraman.
Hayotingiz mazmunli va qiziqarli sayohatlar hamda unutilmas taassurotlarga boy bo‘lsin! Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!
Aziz Abduhakimov
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi