O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omili
2020-09-26 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) shafeligida Markaziy Osiyoda Transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazni yaratish to‘g‘risidagi tashabbus O‘zbekiston Rahbariyatining mintaqaviy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan siyosatining mantiqiy davomidir.
Keng ma’noda o‘zaro bog‘liqlik - transport, kommunikatsiya, xususan rakamlashtirish, energetika, ilm-fan, innovatsiya, turizm sohalarida o‘zaro bog‘liq va bir birini to‘ldiradigan loyihalarni va infratuzilma tarmoqlarini yaratish orqali yanada yaqin hamkorlikka erishishdir.
Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash mintaqaning iqtisodiy, innovatsion va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
BMT shafeligida Markaziy Osiyoda Transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazni yaratish g‘oyasi butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbusdir. Unda Markaziy Osiyoning faqatgina Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi tranzit hudud sifatida emas, balki mintaqalararo savdo-iqtisodiy jarayonlarning kuchli sub’ektiga aylanishi hamda ushbu masala kun tartibini shakllantirishda ishtroki ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda mazkur tashabbusni ilgari surish va amalga oshirish uchun qulay xalqaro shart-sharoitlar mavjud.
Birinchidan, so‘nggi yillarda iqtisodiy, inson, tranzit, ishlab chiqarish kabi ulkan resurslarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasiga xalqaro hamjamiyatning bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini guvohi bo‘layapmiz.
Bularning barchasi O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo mamlakalatlari bilan olib borayotgan faol va jo‘shqin tashqi siyosati tufayli barcha yo‘nalishda sifat jihatidan mintaqaviy hamkorlikning yaxshilanishi zamirida sodir bo‘layapti. Natijada Markaziy Osiyoning boshqa mintaqa va sub mintaqalar bilan siyosiy, savdo, sarmoyaviy hamda transport-kommunikatsiya aloqalari kengaymoqda, barqaror o‘sishning yangi istibollari ochilmoqda.
Ikkinchidan, 2019-yil iyun oyida Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar bo‘yicha kengashi tomonidan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: mustahkam hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ”tasdiqlandi.
Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining 2018-yil 15-oktabrda tasdiqlangan Yevropa va Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha strategiyasi (bundan keyin Yevropa Ittifoqining o‘zaro bog‘liqlik strategiyasi) YeIning yangilangan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi bilan uyg‘unlashgan birinchi mintaqaga aylandi.
Yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqi Transevropa transport tarmog‘ini (TEN-T) dastlab “Sharqiy sheriklik” mamlakatlari (Ozarbayjon, Armaniston, Belorussiya, Gruziya, Moldova va Ukraina) ning transport-logistika infratuzilmasiga, keyinchalik Markaziy Osiyo mamlakatlari transport tarmoqlariga bog‘lash niyatidadir. Boshqacha aytganda, Yevropa Ittifoqi mintaqamizni qit’alararo transport va infratuzilma loyihalariga jalb etishdan juda manfaatdor ekanligini izhor qilayapti.
Markaziy Osiyo mamlakatlariga mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini oshirishda, shuningdek, uning iqtisodiyoti, savdo va transportining global tizimga qo‘shilishida yanada faol ko‘mak berish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan vazirlar darajasida barqaror o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklif etmoqda.
Uning kun tartibiga transport-kommunikatsiya aloqalari, investitsiya, savdo, energetika, raqamli aloqa hamda xalq diplomatiyasi sohalaridagi mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Yevropa Kengashi rahbari Sh.Mishel bilan 2020 yilning
20-aprelida bo‘lgan telefon suhbati davomida Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zaro bog‘liqligi va barqaror rivojlanishini, avvalo, savdo, investitsiyaviy, innovatsiya, transport va energetika sohalarida dastur va loyihalarni ilgari surish orqali kuchaytirishga qaratilgan vazirlar darajasidagi anjuman o‘tkazish taklif etilgan edi.
Taklif etilayotgan vazirlar darajasidagi anjuman Markaziy Osiyoda Transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazni yaratish to‘g‘risidagi tashabbusni ilgari surish uchun yaxshi platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Uchinchidan, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirilishida Markaziy Osiyo mintaqasiga eng muhim o‘rinlardan biri ajratilmoqda. Biz buni, aslida, qadimgi Buyuk Ipak yo‘li davrida mintaqamizning Sharqni G‘arb bilan bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi mavqeining qayta tiklanishi deya tavsiflashimiz mumkin.
Jumladan, bizning mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikda Transevropa transport tarmog‘ini Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan bog‘lash uchun YeI va XXR o‘rtasidagi eng barqaror va samarali transport koridorlarini aniqlash bo‘yicha transchegaraviy tadqiqotlarning muhim ishtirokchilariga aylanishi mumkin. Bunda xalqaro moliya institutlari ishtirokida yangi yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
To‘rtinchidan, Markaziy Osiyoda transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz platformasi yana bir strategik maqsad – Afg‘onistonning Markaziy Osiy transport tizimiga integratsiyalashuvini amalga oshirishga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, bizning mintaqamizga kelgusida savdo va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish orqali bevosita Hind okeaniga chiqish imkoniyatini beradi.
“Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo” o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash – nafaqat Afg‘onistonning osoyishta rivojlanishi, balki butun mintaqaning barqaror taraqqiyotini ta’minlashning eng muhim shartlaridan biridir.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo davlatlarining G‘arb, Sharq, Janub va Shimoldagi hamkorlar bilan mintaqalararo muhokamalari savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, raqamli va madaniy-gumanitar loyihalar bilan mazmunan to‘ldirilishi zaruriyatini inobatga olib, BMT shafe’ligida Markaziy Osiyoda Transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazni yaratish tashabbusining ayni mavridi ekanligini ta’kidlash mumkin.
Sherzod Asadov
O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari
Manba: “Dunyo” axborot agentligi