O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov Samarqand yarim marafonining tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish o‘tkazdi
2020-09-26 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, Samarkand Half Marathon xalqaro xayriya marafoni tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarqand yarim marafonining tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda viloyatlar hokimlari o‘rinbosarlari, Moliya vazirligi, TIV va IIV, FVV, Transport vazirligi va Milliy gvardiya rahbar o‘rinbosarlari qatnashishdi. Yig‘ilish doirasida Samarqand yarim marafonini o‘tkazish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi. Aziz Abduhakimov bu yil yarim marafon virtual formatda o‘tishi, Samarqandda esa turli mamlakatlarning professional atletlari g‘oliblik uchun kurash olib borishini taʼkidladi. Poyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda uzatiladi.
Musobaqa viloyatlar o‘rtasida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z hududi birinchi o‘rinni egallashi uchun eng katta masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Ilk marta yarim marafon ishtirokchilari uchun ikki qo‘shimcha format taqdim etiladi: Bolalar poygasi va Skandinaviyacha yurish. Joriy yilda yarim marafonda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon, gimnastikachi, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Oksana Chusovitina, bokschi, 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medal sovrindori Shahram G‘iyosov, futbolchi, O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, og‘ir atletikachi, Osiyo va jahon chempioni, 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ruslan Nuriddinov, shuningdek bloger va UzA direktor o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev, bloger va Alter Ego kanali muallifi Kirill Altman va boshqa ko‘plab kishilar qatnashadi.
Samarkand Half Marathon‘ni o‘tkazishdan tushgan barcha mablag‘lar O‘zbekistondagi autizmdan aziyat chekuvchi bolalar internatlaridan birida badiiy studiya ochishga yo‘naltiriladi, xohlovchilar uchun esa maʼruza va seminarlar ham o‘tkazish rejalashtirilgan. Marafon odamlarga autizmdan aziyat chekuvchi kishilar dunyosi naqadar rang-barangligi va bunga eʼtibor qaratish qanchalik muhim ekanini anglashda yordam beradi. Yig‘ilish doirasida mamlakatning barcha o‘quv muassasalarida inklyuziyaga eʼtibor qaratish alohida muhokama qilindi. Unda taʼlim tizimi o‘quvchilar bilan suhbat formatiga moslashtirilishi lozimligi, bu inklyuzivlik g‘oyasini interfaol shaklda maksimal qulay darajada yetkazib berishi qayd etildi.
Shu o‘rinda yaqinda butun respublikamiz bo‘ylab Samarkand Half Marathon xalqaro xayriya poygasi registratsiyasi ochilishiga bag‘ishlangan #moviynurtarat aksiyasi bo‘lib o‘tganini alohida taʼkidlash zarur. Unda shaharlardagi yirik inshootlar va meʼmoriy obidalar autizmdan aziyat chekuvchi kishilarga hayrixohlik belgisi sifatida hamda ularning ijtimoiy muhitga integratsiyalashuvida duch keluvchi muammolariga eʼtiborni qaratish maqsadida moviy rangda nur taratdi. Samarkand Half Marathon – Madaniyat va sanʼat jamg‘armasi tomonidan Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil qilinuvchi, har yili o‘tkaziluvchi xayriya poygasi. Xayriya poygasiga 1-noyabr kuni start beriladi. Unda butun dunyo mamlakatlari fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi