O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odri Azule: "Xiva bugungi kunda ham odamlarni birlashtirgan madaniyat va ilhomning haqiqiy kuchini o‘zida mujassam etgan"
2020-09-25 | Madaniyat
PARIJ, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. Oldin xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zga chiqib, 2021-yilda Xivada "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. «Dunyo» AA ning Parijdagi muxbiri davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi bo‘yicha YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim fikri bilan qiziqdi.
– Mamnuniyat bilan e’tirof etish joiz, O‘zbekiston bilan YUNESKO vakolati doirasidagi ko‘p sohalarda yuqori darajada samarali hamkorlik o‘rnatildi. Bunga har ikki tomonning so‘nggi yillardagi intilishi va hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan tashabbus tufayli erishdik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO bilan yaqin aloqalar o‘rnatish va uni rivojlantirishga bo‘lgan ishtiyoqini yuqori baholayman. Parij va Samarqand shaharlarida o‘tgan uchrashuvlarimiz chog‘ida bunga yana bir karra amin bo‘ldim. Hozirgi kunda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning mustahkam poydevori yaratilgan, O‘zbekiston bo‘yicha davlat dasturi va bir nechta “Yo‘l xarita”lari samarali amalga oshirilmoqda.
Kelajakda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida har ikki tomon salohiyatidan to‘liq foydalanish talab etiladi, buning uchun yanada ko‘proq harakat qilish kerak. Masalan,YUNESKO vakolati doirasida boshqa yangi loyiha va dasturlar bo‘yicha ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin.
YUNESKO yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazishda doim O‘zbekistonning yaqin hamkori bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa, Xalqaro baxshichilik san’ati festivallari, Xalqaro maqom san’ati anjumani kabi yirik madaniy tadbirlar YUNESKO hamkorligi va shafeligida o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili Samarqand shahrida o‘tgan an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida mamnuniyat bilan ishtirok etdim.
Bu YUNESKO tashkiloti O‘zbekiston intilishlarini, shu jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, loyihaning amalga oshishida ko‘mak berishga tayyor ekanini anglatadi. YUNESKO Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shmoqda – bir necha yil avval “Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixi” nomli ko‘p jildli kitob nashrdan chiqarildi. O‘zbekiston Prezidenti taklif etgan forum ham Markaziy Osiyoning mintaqa va dunyo tarixiy taraqqiyotining shakllanishida muhim o‘rin tutgan boy madaniyati va qo‘hna tarixiy merosiga sayohat qilish uchun yana bir yaxshi imkoniyat bo‘ladi.
Mintaqaning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy vazifasi va bugungi taraqqiyotidan kelib chiqib aytish mumkinki, Markaziy Osiyo hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida o‘zaro muloqot va muzokara maydoniga aylanishi mumkin.
Forum uchun tanlangan joy ham ramziy ma’noga ega: umumjahon tarixiy merosi hisoblangan ko‘hna Xiva shahrining go‘zalligi va ulug‘vorligi asrlar davomida olim, usta va rassomlar e’tiborini jalb qilib, imperiya va madaniyat markazlarining beshigi bo‘lib kelmoqda. Bu shahar bugungi kunda ham madaniyat va ma’rifatning insonlarni birlashtira oladigan qudratiga misoldir.
Biz 2021-yilda ushbu muhim tadbirning keng ko‘lamda nishonlanishini intiqlik bilan kutib qolamiz.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi