Tashqi savdoni Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 21-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligida tashqi savdoni Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengashning asosiy vazifalari qo‘ydagilar hisoblanadi:
bojxona bojlari stavkalarini belgilash va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda notarif tartibga solish chora-tadbirlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish hamda takliflarni ishlab chiqish;
ichki va tashqi bozorlarda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqib tarif va notarif tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha amaldagi imtiyozlar tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirishda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining Tovar nomenklaturasi va tovarlarni tasniflash qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
Yig‘ilish davomida to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladigan texnologik uskunalar va butlovchi qismlarga solinadigan import bojxona to‘lovlari stavkalarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, alohida mahsulot pozisiyalari uchun utilizasiya yig‘imini nol'ga tenglashtirish istiqbollari o‘rganilib, bir qator mahsulot turlari uchun import bojxona to‘lovlarining o‘zgarishiga oid xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Butlovchi buyumlar, shu jumladan yig‘uv ishlab chiqarishga mo‘ljallangan buyumlarga TIF TN kodlarini tasniflashni yanada takomillashtirish choralariga alohida e'tibor qaratildi.
Sertifikatlashtirish organlari tomonidan importni optimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligining tahlili ham amalga oshirilib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Kengash a'zolari bunday mexanizmlarni ishlab chiqishda hamkor davlatlar bilan o‘zaro savdoni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ichki va tashqi bozorlarda oshkora raqobat muhitini ta'minlash bo‘yicha yagona konseptual yondashuvni qo‘llash zarurligini ta'kidladilar.
Shu bilan birga, xususan, mahsulot va ishlab chiqarish jarayonlarining texnik jihatdan tartibga solinishi va texnik reglamentlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar qabul qilishga alohida e'tibor qaratiladi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Kengash Kotibiyatiga vazifasi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida tezkor qarorlar qabul qilishning yanada moslashuvchan mexanizmlaridan foydalanishni nazarda tutuvchi tashqi savdoni tartibga solish bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bo‘lgan ishchi guruh tuzish topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi