O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahrida jahon standartlari asosida AYOQSlar tashkil etilmoqda
2020-09-21 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentabrdagi 793-sonli qaroriga muvofiq 2020-yil 1-sentabrga qadar hududlarda savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish shoxobchalari, bepul wi-fi zonalari, shuningdek, sanitariya va shaharsozlik norma va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlangan bittadan namunaviy AGTKS, AGQS va AYOQS faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish belgilangan.
Shu sababdan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti maʼsullari tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida “LUKOIL Uzbekistan Operating Company” MCHJ tomonidan tashkil etilgan AYOQS faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur stansiya jahon standartlari bo‘yicha barcha belgilangan talablarga javob beruvchi loyiha asosida qurilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida avtomobillarga benzin va dizel yoqilg‘ilarini quyish uchun moslashtirilgan. Avtomobillarga quyiladigan neft mahsulotlari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlaridan olib kelinishi shoxobcha rahbari tomonidan taʼkidlandi.
Ushbu shoxobchada yo‘lovchilar uchun moʻjaz kafe, tez ovqatlanish uchun qandolat mahsulotlari, bepul wi-fi zonasi, yo‘l oldi birinchi navbatda zarur bo‘lgan oziq ovqat, ichimlik va boshqalar, sanitariya-gigiyena vositalari, avtomobillar uchun turli xil suyuqliklar (avtol, avtomobil moyi, antifriz va h.k.) savdosi faoliyati belgilangan karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, AYOQSda sanitariya-gigiyena qoidalari va talablariga to‘liq javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchasi tashkil etilgan bo‘lib, shoxobchada qo‘l quritish uskunasi va havo tozalash tizimi, erkaklar, ayollar va imkoniyati cheklangan shaxlar uchun alohida xonalar belgilangan standartlar asosida barpo etilgan. Qo‘shimcha tarzda mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida avtomobil shinalariga bepul havo to‘ldirish va changyutgich bilan tozalash xizmatlari ham yaratilganligi taxsinga loyiq.
Kompaniya tomonidan maʼlum qilinishicha, jaxon standartlariga javob beruvchi barcha kerakli sharoitlar mujassamlashtirilgan shu kabi loyihalar Tashkent shahrida va respublika miqyosida tarmoq asosida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi