Bugundan “Shum bola-2020” xalqaro kinofestistivali doirasidagi tomoshalar boshlanadi
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan Toshkentdagi Gyote instituti “Shlingel” xalqaro kinofestivali bilan hamkorlikda “Shum bola-2020” kinofestivali oʻtkaziladi.
Festival 21-25-sentabr kunlari Humo arenada boʻlib oʻtadi. “Shlingel” xalqaro kinofestivali tomonidan zamonaviy hamda dolzarb mavzudagi nemis filmlari oʻzbek va rus tillarida namoyish etiladi.
Shuningdek, festival doirasida oʻzbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar hamda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan yaratilgan “Zumrasha” kinojurnalining yangi filmlari taqdim etiladi.
“Shum bola-2020” festivali bolalar, yoshlar, ota-onalar, oʻqituvchilar va mutaxassislar uchun moʻljallangan. Namoyishlarga kirish bepul.
Tomoshalar dushanba, chorshanba va juma kunlari rus, seshanba va payshanba kunlari oʻzbek tilida namoyish etiladi.
Festival dasturidan Germaniyaning “Juda qalin doʻstlar”, “Koʻrinmas Syu”, “Rokka dunyoni oʻzgartiradi”, “Fritsi – tarixdagi burilish nuqtasi” kabi filmlar oʻrin olgan.
Manba: O'zA