O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Bosh vaziri 28-30 sentabr kunlari Tojikistonga boradi
2020-09-20 | Siyosat
TOSHKENT, 20-sentabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning Tojikistonga safari sanasi Dushanbeda bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari (SSP) delegatsiyalarining uchrashuvi paytida ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 18-sentabr kuni Tojikiston poytaxtida Savdo-sanoat palatalari delegatsiyalari rahbarlarining ikki tomonlama muzokaralari va B2B shaklidagi ishbilarmon doiralar uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda 200 nafarga yaqin xususiy biznes vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston hukumati rahbarining Tojikistonga bo‘lajak tashrifi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, keyinchalik Afg‘oniston va mintaqaning boshqa davlatlariga mahsulot sotish bo‘yicha o‘zbekistonlik ishbilarmonlar ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish doirasida biznes-forum o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Tojikiston SSP delegatsiyalari chegaraoldi viloyatlaridagi palatalar bo‘linmalari o‘rtasida hamkorlikka oid shartnoma tuzishga kelishib oldi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Dushanbeda ikki mamlakat parlamentlari do‘stligi va hamkorlik guruhlarining birinchi qo‘shma yig‘ilishida ishtirok etish uchun bugun, 20-sentabr kuni Tojikistonga boradi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi