O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Til - davlat ramzi, millat ruhi!

2020-09-19 | Madaniyat

Til aloqa vositasi sifatida alohida maqomga ega. U orqali insonning ongi, bilimi, tafakkuri va hissiyotlari ifodalanadi.

Shuning uchun odamlar doimo tillarni chuqurroq o‘rganishga, muloqot qilish qoidalarini o‘zlashtirishga intiladilar. Aynan tilda xalqning tarixi va madaniyati aks etadi. Tilga hurmat va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish barcha zamonlarda yuksak madaniyat hamda ma'naviyat belgisi hisoblangan.
 
Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda insonlar so‘zlashadigan tillardan 6 mingtasi saqlanib qolgan bo‘lib, shundan 90 foizi keng miqyosda foydalanilmas ekan. Bizning ona tilimiz – o‘zbek tilida dunyo bo‘yicha 40 milliondan ortiq kishi so‘zlashishini qayd etib o‘tishimiz kerak.
 
Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak. O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.
 
Xalqimiz mustabid tuzum davrida yashaganda millat ruhi, g‘ururi bo‘lmish ona tilimizning harakat doirasi behad cheklangan, unga rasmiy e'tibor yo‘qolish darajasiga yetib borgan edi. Lekin vatanparvar kishilarimiz o‘sha sharoitda ham tilimizga nisbatan mehrlarini dil tubida asrab keldilar.
 
Jamiyatimizda o‘z ona tilini o‘rganishni astoydil ixtiyor qilmaydigan odamlar ham bor. Albatta, til o‘rganish ixtiyoriydir. Hazrat Alisher Navoiy: «Tilga ixtiyorsiz — elga e'tiborsiz» degan hikmatli so‘zlarida ona tiliga ixtiyorsiz bo‘lish  - uni pisand qilmaslikdan va elga e'tiborsizlikdan kelib chiqish ma'nosiga urg‘u beradi.
 
Mamlakatimiz hali mustaqillikka erishmagan davrda, 1989-yil 21-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi  yurtimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Aslida har qanday istiqlol til ozodligidan boshlanadi. O‘z tilida davlatni idora qilish, erkin muloqot qilish, kuylash va ijod qilish huquqiga ega bo‘lmagan hech bir xalq istiqlolga erishdim deya olmaydi. Shu ma'noda ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan kunni istiqlol va mustaqillikka erishish yo‘lida qo‘yilgan eng dadil va eng sharafli qadam deyishga haqlimiz. Milliy istiqlolning birinchi sharti millat tili – ona tilimizning mustaqilligidir. Ushbu qonun bilan o‘zbek tilini butun choralar bilan rivojlantirilishi va uning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida amal qilishining ta'minlanishi, shuningdek o‘zbek tili o‘zbek xalqining ma'naviy mulki ekanligi belgilandi.
 
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitusiyasi 4-moddasi bilan o‘zbek tiliga berilgan davlat tili maqomi yanada mustahkamlab qo‘yildi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilida so‘zlashish huquqi,  fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga ega ekani bosh qomusimizda belgilangan. Shuningdek, yurtimizda ma'lum bir millat aholisi zich yashaydigan joylarda bolalar o‘z ona tillarida o‘qish imkoniyatiga ega. Respublikamizda  majburiy umumiy o‘rta ta'lim 7 ta tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida bo‘lib, yosh avlodning keng ko‘lamli tahsil olishiga imkoniyat yaratib berilgan.  Bu yurtimizda millatlararo hamjihatlik, do‘stlik va birodarlik ruhi ustuvorligini anglatadi.
 
Navoiy tilini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor uning dunyoda roli va obro‘sini kuchaytirishga yordam beradi. Bugungi kunda o‘zbek tili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tanilgan  va o‘rganilmoqda. Ko‘pgina xorijiy universitetlarda maxsus bo‘limlar ochilgan bo‘lib, ularda chet ellik talabalar nafaqat o‘zbek tilining, balki mamlakatimizning ham jozibasi va go‘zalligini, uning tarixi va zamonaviyligini o‘rganadilar.
 
Moskva davlat lingvistik universitetida talabalar o‘zbek tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘rganadilar. Shuningdek, Rossiyada Uzbekonline.ru  o‘zbek tilidagi Internet maktabi bo‘lib, 24 ta dars 12 hafta mobaynida o‘tiladi.
 
AQShning Ogayo davlat universiteti 1870-yilda tashkil topgan bo‘lib, u ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasida yetakchi oliy ta'lim muassasasi hisoblangan nufuzli oliy o‘quv  yurtlaridan biri.  O‘zbekistoning AQShdagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra hozirgi kunda mazkur universitetda AQShda o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha eng yirik dastur amalga oshirilmoqda. Global May dasturi doirasida universitet talabalari ma'lum bir mamlakatning madaniyati va tilini o‘rganishi uchun ushbu mamlakatga ularning 4 haftalik  sayohati uyushtiriladi. Xususan, mamlakatimiz tilini o‘rganayotgan bir guruh talabalarning ushbu dastur doirasida O‘zbekistonga tashrifi 2021-yilga rejalashtirilmoqda.
 
O‘zbekiston Respublikasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Janubiy Koreyaning Xankuk universiteti o‘rtasida shartnoma asosida talabalar almashinuvi tashkil etilgan. 2019-2020 o‘quv yilining birinchi semestrida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xankuk universitetining 8 ta talabasidan iborat guruh o‘qitilgan bo‘lib, undagi talabalar o‘zbek tilini ham o‘rgangan. Darslar davomida koreys talabalari bilim olishga, ayniqsa, o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish bildirishlarini ta'kidlaganlar. Bir semestr davomida o‘zbek tilini o‘rganishning natijasida talabalar O‘zbekistonning marosimlari va urf-odatlari to‘g‘risida maqolalar nashr ettirganlar, shuningdek o‘zbek tilida radio va televidenie orqali interv'yu berganlar.
 
Afg‘onistonda istiqomat qiladigan o‘zbek millatiga mansub ko‘p sonli aholi o‘z ona tilini saqlab qolish istagida. O‘zbekiston Respublikasining Mozori Sharif shahridagi konsulxonasi tomonidan Afg‘onistonda o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish va uni targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Til nafaqat aloqa vositasi, balki butun xalqning ko‘zgusidir.  Buyuk yozuvchi, ona tilimizning matonatli jonkuyarlaridan biri Abdulla Qahhor “Bizning juda boy, chiroyli tilimiz bor, bu tilda ifodalab bo‘lmaydigan fikr-tuyg‘u, holat yo‘q”, - deya ta'kidlagan edilar. Bugun dunyoviy taraqqiyot yoshlarni bir necha tillarni mukammal bilishga, boshqa tillarda yozilgan, boshqa alifbolarda ifodalangan manbalardan ham unumli foydalanishga da'vat etmoqda. Bu yaxshi, albatta. Ammo milliy til chet tilini o‘rganishda asosiy zamin hisoblanadi. Shu bois ona tilimizni qancha teran bilsak, chet tilini shuncha puxta o‘zlashtiramiz. Shunday ekan yosh avlodda davlat tiliga, o‘zbek xalqining boy adabiy merosiga bo‘lgan chuqur qiziqish va hurmatni shakllantirish butun jamiyatning muhim vazifasidir.
 
Mamlakatimizda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kunni nishonlash alohida ahamiyatga ega. Zero, uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar o‘zbek tilini ommalashtirish, uni chuqur o‘rganish, klassiklar hamda yosh yozuvchi va shoirlarning asarlarini nashr etish va tahlil qilish uchun katta turtki bo‘ladi.
 
Bugun, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kundan buyon 31-yilga yaqin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu qonun o‘zbek tilini mamlakat ramzlaridan biri sifatida saqlash va rivojlantirish uchun, shu bilan birga ko‘p millatli respublikamizda yashaydigan xalqlarning tillarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratdi deb ishonch bilan aytishimiz mumkin. 
 
Shu o‘rinda o‘zbek adabiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, O‘zbekiston xalq shoiri  Abdulla Oripovning alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, 1965-yilda yozilgan, milliy tilning milliy ruhga singib ketgan imkoniyatlari ustalik bilan ochib berilgan  “Ona tilimga” she'rini keltirib o‘tish joiz:
 
Ming yillarkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
 
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she'rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
 
N.D.Qudriddinova,
DBQ Bojxona instituti O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi
katta o‘qituvchisi, bojxona xizmati mayori

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi

Поделиться