O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iordaniya Elchisi bilan uchrashuv
2020-09-18 | Siyosat
2020-yilning 18-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining Favqulodda va Muxtor Elchisi Solih Ahmad al-Javarnehni qabul qildi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, BMT hamda Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda istiqbollari koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, oʻzaro savdo hajmini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, tomonlar ikki davlat oʻrtasida Ishbilarmonlar qoʻshma kengashini tuzish boʻyicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Vazir Elchining Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni izchil rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.
Solih Ahmad al-Javarneh, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda samarali faoliyat yuritishida qulay sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi