Energetika vazirligi va “Vneshekonombank” (Rossiya) istiqbolli loyihalarni muhokama qildi
Rossiya Federatsiyasining Igor Shuvalov – “VEB.RF” Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi raisi boshchiligidagi delegasiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida joriy yilning 17- sentabr kuni Energetika vaziri Alisher Sultanov bilan ikki tomonlama muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
– Rossiyaning “Vneshekonombank”i energetika sohasidagi investisiyaviy loyihalarni amalga oshirishda o‘zbek kompaniyalarining muhim hamkori sifatida yaxshi tanilgan, – dedi A.Sultanov. – Xususan, gidroenergetika sohasida hozirgi paytda Rossiyaning “Vneshekonombank”i bilan hamkorlikda umumiy qiymati 297,5 mln. yevro bo‘lgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan “VEB.RF”ning ulushi 146,5 mln. yevroni tashkil etadi. Ushbu loyihalar orasida – “To‘polong GESni modernizasiya qilish”, “Quyi Chotqol GES qurilishi”, “Farhod GES modernizasiyasi” UKni modernizasiya qilish” va boshqa loyihalar mavjud.
Shuningdek, “Vneshekonombank”ning 129,0 mln. doll. krediti ko‘magida “Silovie mashini” OAJ (Rossiya) tomonidan “kaliti bilan” topshirish sharti asosida Sirdaryo IES energobloklarini modernizasiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda (loyihaning umumiy qiymati 177,1 mln. doll.).
“VEB.RF” rahbari I.Shuvalov O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikning samaradorligini hamda “Vneshekonombank”ning O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasidagi ishbilarmonlik sherikligini yanada rivojlantirishning ahamiyatini ta'kidladi.
Muzokaralar davomida tomonlar yoqilg‘i-energetika kompleksining turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar, shuningdek, neft'-gaz kimyosi sohasidagi istiqbolli loyihalarni taqdim etdilar.
Gidroenergetika sohasida mavjud quvvatlarni modernizasiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 78,4 mln. yevroga teng yangi sohalar shular jumlasidan. Ayni paytda Chirchiq, Qodiriya, O‘rta Chirchiq va Toshkent gidroelektr stansiyalari kaskadini modernizasiya qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha dastur”ni amalga oshirish uchun moliyalashni jalb qilish muhokama qilindi. Loyihaning buyurtmachilari – “O‘zbekneftgaz” AJ va SP OOO “Natural Gas-Stream” MChJ QK hisoblanadi.
Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – “O‘zbekiston Respublikasida tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUG) joriy qilish” loyihasi hisoblanadi.
Muhokama yakunlariga ko‘ra bildirilgan takliflarni ekspertlar darajasida ko‘rib chiqish, shuningdek hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yuzasidan axborot almashish haqida kelishuvga erishildi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi