O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Niderlandiyada o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda
2020-09-17 | Madaniyat
BRYUSSEL, 17-sentabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasida Yevropa mamlakatlarida o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Diplomatik missiya rahbari Dilyor Hakimov elchixona tomonidan konsullik okrugidagi davlatlarda yashaydigan o‘zbek tili ixlosmandlari, jumladan vatandoshlar orasida o‘zbek tili va adabiyoti, xalqimiz tarixi va madaniyatini keng targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda Leyden (Niderlandiya) universiteti aspiranti, o‘zbek tili talabasi Mette Monster O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi o‘sib borayotgan mavqei, o‘z navbatida, turli davlatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshishiga turtki bo‘layotganini qayd etdi.
- Men Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan davrimda o‘zbek tilidan saboq olishni boshlaganman, - dedi u. - O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishim va o‘zbeklarga bo‘lgan yuksak ehtiromim o‘zbek tilini o‘rganishni davom ettirishga undamoqda. Shuningdek, Niderlandiyada ushbu tilda so‘zlashishni o‘zlashtirishga qiziqish yuqori bo‘lgan ko‘plab yoshlarni bilanman.
Mette Monster Niderlandiyaning yirik shaharlarida yoki oliy o‘quv yurtlaridan birida elchixona bilan hamkorlikda o‘zbek tili, tarixi va madaniyatini o‘qitish markazini ochishni taklif qildi va ushbu tashabbus niderlandiyaliklar tomonidan iliq qarshi olinishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda niderlandiyalik aspirantga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti saʼy-harakati bilan «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan 5 jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdim qilindi.
M.Monster qimmatli sovg‘a uchun minnatdorlik bildirib, mazkur manba Leyden universiteti va Niderlandiyada o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalarga katta yordam berishini ta’kidladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi