O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Iqtisodiy Kengashining 87-yig'ilishi bo'lib o'tdi
2020-09-16 | MDH
Joriy yilning 15-sentabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Iqtisodiy Kengashining 87-yig'ilishi videokonferentsaloqa formatida bo'lib o'tdi. Bosh vazir o'rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov raisligida o'tgan tadbir kun tartibiga MDHga a'zo davlatlarning savdo-iqtisodiy, agrosanoat, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi iqtisodiy hamkorligi masalalaridan tarkib topdi.
Tadbirda Ozarbayjon va Tojikiston Bosh vazirlarining birinchi o'rinbosarlari, Armaniston, Belorusiya Bosh vazirlarining o'rinbosarlari, Moldova Iqtisodiyot va infratuzilma vaziri, Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirining birinchi o'rinbosari, Turkmaniston moliya va iqtisodiyot vazirining o'rinbosari, Qozog'iston va Qirg'iziston Respublikalarining MDH Iqtisodiy masalalar bo'yicha komissiyasidagi vakolatli vakillari, shuningdek, MDH IQ raisi Sergey Lebedev.
Hamdo'stlik mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari MDHga a'zo davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati to'g'risida fikr almashdilar. Ular o'zlarining taqdimotlarida Hamdo'stlik davlatlarining pandemiyaga qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlariga alohida e'tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunlari bo'yicha iqtisodiyot, energetika, qishloq xo'jaligi va qishloq xo'jaligi mashinasozligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, MDH organlari faoliyatini moliyaviy qo'llab-quvvatlash va boshqa qator tadbirlar bo'yicha 18 ta qaror, shu jumladan «2030-yilgacha bo'lgan davrda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining iqtisodiy rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo'yicha Harakatlar rejasi loyihasining Birinchi bosqichini (2021-2025 yy) to'g'risida” hamda “ 2030-yilgacha bo'lgan davrda MDHga a'zo davlatlarning innovatsion hamkorlik davlatlararo dasturi loyihasi to'g'risida” qarorlari qabul qilindi.
Yig'ilish ishtirokchilari tomonidan tashkiliy masalalar ham muhokama qilindi, xususan, MDH Iqtisodiy Kengashining navbatdagi 88-yig'ilishini 2020-yil dekabr oyida Moskva shahrida o'tkazish masalasi ko'rib chiqildi.
Uchrashuv natijasida ishtirokchilar tomonidan iqtisodiy hamkorlikni, shu jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Iqtisodiy Kengashi doirasida, davom ettirish bo'yicha qaror qilindi.
Qatnashchilar o'zbek tomoniga MDH Iqtisodiy Kengashining 87-yig'ilishini yuqori darajada tashkil etganligi uchun o'z minnatdorliklarini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi