Vebinar: normativ-huquqiy hujjat loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi yetarli darajadami?
Adliya vazirligida 2020-yilning 14-sentabr kuni “CERT International” kompaniyasi auditorlari tomonidan aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf qilish va bildirilgan tavsiyalarni tahliliga bag‘ishlangan onlayn trening o‘tkazildi.
Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Karimov boshchiligida o‘tgan treningda vazirlikning mas'ul xodimlari hamda vazirlik va idoralarning yuridik xizmati xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib huquqiy ekspertiza uchun kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasida aniqlangan kamchiliklar, taqdim etilgan loyihalardagi korrupsiyaviy omillar va ularni jamoatchilik muhokamasiga joylashtirmaslik holatlarini tahlil qilish va mazkur holatlar yuzasidan vazirlik va idoralarning yuridik xizmati xodimlarining mas'uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Trening tanqidiy ruhda o‘tib, vazirlikka kelib tushgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarining umumiy holati, yuridik xizmatlar tomonidan loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi qoniqarli darajada emasligi, shuningdek loyihalar yuzasidan jamoatchilik muhokamasi o‘tkazishda kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish lozimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan yetarli darajada o‘tkazmayotganligi misollar yordamida ko‘rsatildi. Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qanday tartibda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi lozimligi yuzasidan tushuntirildi.
Trening yakunida vazirlik va idora yuridik xizmat xodimlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklar, jumladan normativ-huquqiy hujjat loyihalaridagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va ularni jamoatchilik muhokamasiga joylashtirishda shaxsiy mas'uliyatni oshirishga qaratilgan tavsiyalar berildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi