O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri - Timur Ishmetovning 2020-yilning 1-yarim yilligida Davlat byudjeti ijrosiga bag‘ishlangan Oliy Majlis Senati yalpi majlisidagi ma'ruzasi

2020-09-14 | Iqtisodiyot

Davlat byudjetining 2020-yil I-yarim yilligi ijrosi yuzasidan MA'RUZA

Assalomu alaykum hurmatli Tanzila Kamalovna,
 
Senat a'zolari,
 
hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
 
Ruxsatingiz bilan, Davlat byudjetining 2020-yil 1-yarim yillik ijrosi yakunlari bo‘yicha ma'ruzamda asosiy e'tiborni mahalliy byudjetlarning ijrosi va hududlarda byudjet hisobidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning bajarilishiga qaratsam.
 
So‘zimizning boshida, koronavirus pandemiyasi dunyodagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatganligini ta'kidlab o‘tmoqchimiz.
 
Buning natijasida, hisobot davrida Davlat byudjetining daromadlari 58trln. 157 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 64trln. 879 mlrd.so‘mni tashkil etib, davlat byudjeti 6 trln. 722mlrd so‘m yoki YaIM ga nisbatan 2,6 foiz miqdorida taqchillik bilan ijro etildi.
 
Shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlari 12,9 trln. so‘mni tashkil etdi yoki 14 foiz ortig‘i bilan ijro etildi.
 
Joriy yil 1 - yarim yilligida barcha hududlar uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi.
 
Natijada mahalliy byudjetlarda prognozni oshirib bajarish hisobiga 1  trln. 416 mlrd so‘m qo‘shimcha manba shakllantirildi.
 
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 131,8 mlrd.so‘m, Surxondaryo viloyatida 105,5 mlrd.so‘m, Buxoro viloyatida 120,9 mlrd.so‘m, Jizzax viloyatida 88,5 mlrd.so‘m prognozdan ortiqcha mablag‘ shakllantirildi.
 
Bundan tashqari, 2020-yildan boshlab, hududlarda respublika byudjetiga ajratma qilinadigan soliqlar bo‘yicha ham prognozdan ortiqcha tushgan mablag‘lar mahalliy byudjetga ajratma qilinishi belgilangan edi.
 
Shunga ko‘ra, hisobot davrida 210 mlrd.so‘m mablag‘ mahalliy byudjetlarga qaytarildi.
 
Misol uchun, Toshkent shahriga 127 mlrd so‘m (Foyda solig‘idan 8,8 mlrd.so‘m, jismoniy shaxslar daromad solig‘idan 118,5 mlrd.so‘m) mablag‘ o‘tkazib berildi.
 
Albatta, prognozni bajarilishida ayrim kamchiliklar ham mavjud.
 
Xususan, hisobot davrida aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha yillik belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi orqada qolmoqda.
 
Masalan, ushbu soliq turi bo‘yicha yillik prognoz Qoraqalpog‘iston Respublikasida 12,2 foizga, Buxoro viloyatida 20,9 foizga, Toshkent shahrida 22,1 foizga, Toshkent viloyatida 23,2 foizga, Qashqadaryo viloyatida 25,4 foizga bajarildi xolos.
 
Shuningdek, hisobot davri uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari yakuniy iste'molchilarga benzin, dizel' yoqilg‘isi va gaz realizasiya qilishdagi aksiz solig‘i bo‘yicha Toshkent viloyatida 5,8 mlrd so‘mga (93,9%), Navoiy viloyatida 1,4 mlrd so‘mga (94,7%), Qashqadaryo viloyatida 3,1 mlrd so‘mga (95,5%) bajarilmay qoldi.
 
Bu holatlar asosan karantin cheklovlari sababli, iqtisodiy faollikning kamayishi va korxonalar to‘lov qobiliyatining pasayishi bilan izohlanadi.
 
Xabaringiz bor, 2020-yildan boshlab, alkogol' mahsulotlari va mobil' aloqasi xizmatini ko‘rsatganlik uchun aksiz solig‘i tushumlari hududlardagi aholi sonining respublikadagi ulushidan kelib chiqqan holda taqsimlab beriladigan bo‘ldi.
 
Bu tushumlar barqarorligi va o‘z vaqtida tushishi hisobiga mahalliy byudjetlar daromadlarining barqarorligi oshdi.
 
Hisobot davrida mana shu tadbir hisobiga mahalliy byudjetlarga 1,3 trln so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
 
Vaholanki o‘tgan yili mobil' aloqasi xizmatini ko‘rsatganlik uchun aksiz solig‘i respublika byudjetida qoldirilgan bo‘lsa, alkogol' mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning hududlar bo‘yicha notekis joylashganligi hisobiga ayrim mahalliy byudjetlar bundan deyarli daromad olmas edi.
 
Misol uchun, 2020-yil 1 - yarim yilligida Jizzax viloyatiga 52,5 mlrd so‘m o‘tkazib berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilgi tartib bo‘yicha atigi 374 mln so‘m tushgan bo‘lar edi, Samarqand viloyatiga 147,5 mlrd so‘m o‘tkazib berildi, aslida faqat 21 mlrd so‘m tushgan bo‘lar edi.
 
2020-yildan boshlab avtotransport vositalarini ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi mahalliy byudjetlarga qoldirilishi hisobiga joylarda 186 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ shakllantirish imkoni yaratildi.
 
Biroq, respublikamizdagi pandemiya sharoitida tadbirkorlik sub'ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan imtiyozlar, xususan:
 
karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan daromad solig‘ini to‘xtatib turish hisobiga 63 mlrd.so‘m (aprel'-iyun' oylarida);
 
karantin davrida davlat mulki bo‘yicha ijara haqlarini undirmaslik hisobiga 12 mlrd.so‘m miqdorida daromadlar olinmay qoldi.
 
Shuningdek, mahalliy byudjetlarning olinmay qolgan daromadlari belgilangan tartibda respublika byudjeti hamda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan kichik tadbirkorlik sub'ektlarini resurs to‘lovlaridan ozod qilish natijasida aprel'-iyun' oylarida 78 mlrd.so‘m qoplab berildi hamda iyul-dekabr oylarida yana 515 mlrd.so‘m o‘tkazilib berilishi kutilmoqda.
 
Bundan tashqari, mahalliy byudjetlar daromadlari bazasini mustahkamlash bo‘yicha rezervlar mavjud bo‘lib, yilning qolgan oylarida soliq va moliya idoralari birgalikda ish olib borishadi, masalan norasmiy sektorda, ayniqsa qurilish sohasida ishlovchilar soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini legalizasiya qilish yo‘nalishi bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.
 
Hurmatli senatorlar!
 
2020-yilning 1-yarim yilligida mahalliy byudjetlarda umumiy jihatdan olib qaralganda 3trln346mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar shakllantirildi. Ushbu mablag‘lar quyidagilardan tashkil topdi:
 
- yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari 1,8trln so‘m;
 
- daromadlarni prognoz ko‘rsatkichlaridan oshirib bajarilgan qismi 1,4trln so‘m (jumladan,1-chorakda 744 mlrd so‘m, 2-chorakda 672 mlrd so‘m);
 
- davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni (musodara) va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablag‘lari 151mlrd so‘m;
 
- davlat mulkini xususiylashtirish hisobidan tegishli byudjetga tushgan pul mablag‘lari miqdori 17mlrd so‘m.
 
Shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan jami
2,3trln so‘m tegishli Xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida turli tadbirlar uchun yo‘naltirildi. Jumladan,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi hamda hududlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini ta'minlash xarajatlariga 794mlrd so‘m, shundan:
 
- joylarda 138 km toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun 25 mlrd so‘m (Andijon viloyatida 7,6 mlrd so‘mga 56 km, Namangan viloyatida 5 mlrd so‘mga 20 km);
 
- 19 km oqava tizimlarini ta'mirlash uchun 2,2 mlrd so‘m;
 
- 251 km uzunlikdagi xo‘jaliklararo ichki yo‘llarni ta'mirlash uchun 60 mlrd so‘m (masalan, Toshkent shahrida 30,4 mlrd.so‘mga 58 km);
 
-1 018 ta, shundan 629 ta xalq ta'limi va 389 ta maktabgacha ta'lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun ta'mirlash va jihozlash xarajatlariga 138 mlrd so‘m (m-n, Andijon viloyatida 130 ta umumta'lim maktablariga 33,7 mlrd so‘m, Surxondaryo viloyatida 176 ta maktabgacha ta'lim muassasalariga 10,2 mlrd so‘m);
 
- 384 ta tibbiyot muassasalarini ta'mirlash va jihozlash xarajatlariga 87,5 mlrd so‘m;
 
- 758 ta boshqa byudjet tashkilotlarini ta'mirlash va jihozlash xarajatlariga 472,3 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.
 
Shuningdek, o‘tgan yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash xarajatlariga 240 mlrd so‘m, harbiy ma'muriy sektor jamg‘armasiga 115 mlrd so‘m, hududlarni obodonlashtirish xarajatlariga 218 mlrd so‘m, 5 841 nafar kam ta'minlangan oilalarni moddiy qo‘llab quvvatlashga qo‘shimcha 8,5 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.
 
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
 
2020-yil Davlat byudjeti xarajatlari 131,1 trln. so‘m miqdorida, shundan, respublika byudjeti xarajatlari 95,7 trln. so‘m (73 %) hamda mahalliy byudjetlar xarajatlari 35,4 trln. so‘m (37 %) miqdorida belgilangan.
 
Koronavirus pandemiyasining tarqalishi, Yurtimizda karantin choralarining ko‘llanilishi Davlat byudjet xarajatlariga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilishiga sabab bo‘ldi.
 
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida 10 trln. so‘m miqdorida “Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi” tashkil etildi hamda 2020-yilning 1-yarim yilligida jamg‘armadan 5,3 trln. so‘mlik xarajatlar moliyalashtirildi.
 
Jamg‘armaning 1-sentabr holatiga xarajatlari miqdori 9,0 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu mablag‘larning 2,2 trln so‘mi koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
 
Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga avgust oyining o‘zida 690 mlrd so‘m moliyalashtirilib, ushbu xarajatlarning 495 mlrd so‘mi tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga sarflandi.
 
Davlat byudjetining barqarorligini ta'minlash maqsadida jami 6,1 trln.so‘m, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy byudjetlar xarajatlaridan qariyb 1 trln. so‘m maqbullashtirildi.
 
Bundan tashqari, joriy yil Buxoro viloyatida zarar ko‘rgan aholi va iqtisodiy-infratuzilma ob'ektlariga 164 mlrd. so‘m hamda “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 500 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi (Sardobaga jami 1,5 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan).
 
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Davlat byudjetining 2020-yil 1 - yarim yillik xarajatlari 64trln.879mlrd. so‘mni yoki YaIM ga nisbatan 25,4 foizni tashkil etdi. Bu esa 1-yarim yillik uchun tasdiqlangan reja ko‘rsatkichiga (65,3 trln so‘m) nisbatan 99 foizni tashkil etdi.
 
Hisobot davrida byudjet tashkilotlarining qariyb 23 trln 100 mlrd. so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda 5 trln. so‘mdan ortiq ish haqiga nisbatan ajratmalari o‘z muddatlarida to‘liq moliyalashtirilishi ta'minlandi.
 
Shundan, mahalliy byudjetlarning 1 - yarim yillik xarajatlari 20trln203mlrd so‘mni yoki YaIM ga nisbatan 7,9 foizni tashkil etdi.
 
Mahalliy byudjetlarning birinchi darajali to‘lovlarini amalga oshirilishida yuzaga kelgan vaqtincha kassa uzilishlarini bartaraf etish va ushbu to‘lovlarni to‘lab berilishini kechiktirmaslik maqsadida respublika byudjetidan 626 mlrd so‘m (oyiga o‘rtacha 104 mlrd so‘mdan) byudjet ssuda mablag‘lari yo‘naltirildi.
 
Shuningdek, hisobot davrida mahalliy byudjetlarga ajratilishi belgilangan 3 trln53 mlrd so‘m tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar to‘liq o‘tkazib berildi.
 
Bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lovlari, advokatlik xizmatlari, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan qo‘shimcha mablag‘lar, nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun subsidiya va investisiya dasturidagi taqsimlanmagan mablag‘larning qayta taqsimlanishi natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida, 3 trln 246 mlrd so‘m byudjetlararo o‘zaro hisob-kitob mablag‘lari respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratildi.
 
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning 1-yarim yilligida ushbu jamg‘arma hisobidan mahalliy byudjetlarga 922 mlrd so‘m, jumladan:
 
- hududiy canitariya - epidemiologiya osoyishtalik markazlariga – koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va himoya choralarini amalga oshirish xarajatlariga 420 mlrd so‘m;
 
- aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash (nafaqa oluvchilar sonining oshishi) uchun - 311 mlrd so‘m;
 
- hududiy suv ta'minoti korxonalarining birinchi darajali xarajatlarini qoplash uchun – 61 mlrd so‘m;
 
- soliq imtiyozlari berilishi natijasida mahalliy byudjetlar daromadlariga kelib tushmagan yetishmovchilikni qoplash uchun – 78 mlrd so‘m;
 
- hududlarning sanitariya holatini mo‘'tadil darajada saqlash uchun, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga – 53 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratib berildi.
 
Bundan tashqari, vaqtincha karantinda saqlash va maxsus karantin majmualari qurilishi uchun 694 mlrd so‘m yo‘naltirildi.
 
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
 
Ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat byudjetidan 34 trln. 666 mlrd so‘m (umumiy xarajatlarning 53,4 foizi)miqdorida mablag‘ sarflandi (YaIM ning 13,6 foizi).
 
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan xarajatlarning 1 trln. 224 mlrd so‘mi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
 
2020/2021-yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida byudjet (ijtimoiy soha) tashkilotlarining xarajatlari uchun jami (mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari bilan birga) 388 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan (o‘tgan mavsumga nisbatan 22,3 foizga ko‘p) bo‘lib, joriy yilning 8 oyi davomida ajratilgan mablag‘larning 275 mlrd so‘mi o‘zlashtirildi.
 
Kuz-qish mavumi uchun ko‘zda tutilgan 388 mlrd so‘m mablag‘larning 328 mlrd.so‘mi (85 foizi) mahalliy byudjet parametrlarida tashkilotlarning xarajatlar smetasida rejalashtirilgan va 60 mlrd so‘mi (15 foizi) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manba mablag‘lari hisobidan ajratilgan.
 
Jumladan sohalar kesimida:
 
Xalq ta'limi sohasiga 193 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, joriy yilning 8 oyi davomida 135 mlrd so‘m kassa xarajatlari amalga oshirildi.
 
Maktabgacha ta'lim sohasiga 115 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, joriy yilning 8 oyi davomida 76 mlrd so‘m kassa xarajatlari amalga oshirildi.
 
Sog‘liqni saqlash sohasiga 54 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib joriy yilning 8 oyi davomida 41 mlrd so‘m kassa xarajatlari amalga oshirildi.
 
Shuningdek, kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha muassasalariga 422 ming tn ko‘mir mahsulotlari xarid qilish uchun 159 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
 
Ijtimoiy sohaning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensasiya to‘lovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga Davlat byudjetidan hisobot davrida 3 trln. 727 mlrd. so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davrida ajratilgan mablag‘larga nisbatan 847,1 mlrd. so‘mga yoki 29,4 foizga ko‘proq mablag‘ ajratildi.
 
Hisobot davrida Ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensasiya to‘lovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga Davlat byudjetidan hisobot davrida 3 trln. 727 mlrd. so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davrida ajratilgan mablag‘larga nisbatan 847 mlrd. so‘mga yoki 29,4 foizga ko‘proq mablag‘ ajratildi.
 
Kam ta'minlagan oilalarni koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlariga muvofiq:
 
ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1-apreldan boshlab 10 foizga, 1-iyundan yana 10 foizga oshirildi;
 
mart-iyun' oylarida to‘lash muddati tugaydigan ijtimoiy nafaqalar to‘lash ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga uzaytirildi;
 
buning natijasida, mart-iyun oylarida to‘lash muddati tugaydigan 258 ming nafar kam ta'minlangan oilalarga nafaqa to‘lash muddatlari avtomatik tarzda xech qanday xujjatlarsiz qo‘shimcha olti oyga uzaytirildi;
 
ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lashning amaldagi tartib-taomillari soddalashtirildi.
 
Joriy yilning mart oyida 569 ming oilaga ijtimoiy nafaqa to‘lovlari to‘langan bo‘lsa, yuqorida keltirilgan Farmon va qarorlar ijrosini ta'minlash maqsadida yana qo‘shimcha 405 ming nafar oilaga ijtimoiy nafaqa to‘landi.
 
Buning uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 2020-yilning yanvar-iyun oylarida jami 311 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
 
Jami ajratilgan mablag‘lar hisobidan:
 
14 yoshgacha bolasi bor oilalarga to‘lanadigan nafaqaga 425 mlrd. so‘m (shundan, inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 106 mlrd. so‘m);
 
bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar ishlamaydigan onalarga to‘lanadigan nafaqaga 728 mlrd. so‘m (127 mlrd. so‘m);
 
kam daromadli oilalarga to‘lanadigan moddiy yordam uchun 148 mlrd. so‘m (35 mlrd. so‘m) xarajatlar amalga oshirildi.
 
Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga xotin-qizlarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 60 mlrd. so‘m ajratildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PF-6038-son Farmoniga asosan 2020-yilning yakuniga qadar:
 
14 yoshgacha bolalari bo‘lgan nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirish (700 mingtagacha yetkazish);
 
bola 2 yoshga to‘lgunga qadar nafaqa oluvchi onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish;
 
moddiy yordam oluvchi oilalar sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazish belgilandi.
 
Buning natijasida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 2020-yil yakunida 1 mln 200 ming ta oilani tashkil etishi kutilmoqda.
 
Ma'lumot uchun, yuqoridagi tadbirlar natijasida nafaqa oluvchilar masalan Samarqand viloyatida 82 mingtaga, Surxondaryo viloyatida 75 mingtaga, Qashqadaryo viloyatida 69 mingtaga, Farg‘ona viloyatida 64 mingtaga, Xorazm va Andijon viloyatlarida 59 mingtaga oshadi.
 
Ushbu nafaqalarni to‘lash uchun qo‘shimcha 522 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
 
Hurmatli senatorlar!
 
Hisobot davrida pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olib aholi bandlik darajasini oshirish masalasiga ham jiddiy e'tibor qaratildi. Jumladan:
 
- aholining ishsiz va band bo‘lmagan qatlamini vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga 324,0 mlrd. so‘m, shundan, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 200 mlrd. so‘m ajratildi;
 
- Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga 125 mlrd. so‘m, shundan, inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan mablag‘lari hisobidan ishsiz, kam ta'minlangan oilalarga shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish orqali turmush darajasini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shundan 94 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga subsidiya sifatida ajratildi:
 
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun - 4,6 mlrd so‘m (masalan, Surxondaryo viloyatiga 2,0 mlrd so‘m, Toshkent viloyatiga 633 mln. so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 618 mln so‘m);
 
yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun - 55 mlrd so‘m (m-n, Namangan viloyatiga 8,9 mlrd so‘m, Andijon viloyatiga 8,3 mlrd so‘m, Samarqand viloyatiga 5,4 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 5,1 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyatiga 4,1 mlrd so‘m);
 
kooperativlar ustav fondiga ulush kiritish uchun – 34 mlrd so‘m (m-n, Surxondaryo viloyatiga 6,7 mlrd so‘m, Xorazm viloyatiga 4,1 mlrd so‘m, Samarqand viloyatiga 3,4 mlrd so‘m);
 
boshqa xarajatlarga 1,1 mlrd so‘m.
 
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
 
Hisobot davrida Investisiya dasturiga kiritilgan 1 871 ta ob'ektlarni qurish, rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari uchun 4 trln 88 mlrd so‘m mablag‘lar moliyalashtirib berilgan bo‘lib, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yillik parametrlarga nisbatan 35 foizini tashkil etmoqda.
 
Ma'lumot uchun, 2019 yilning 1-yarim yilligida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kapital qo‘yilmalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yilllik parametrlarga nisbatan 52 foizni tashkil qilgan.
 
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Investisiya dasturiga kiritilgan 2,3 mingga yaqin ob'ektlar bo‘yicha 12,5 trln so‘mmablag‘larning 21 foizi yoki 753 ta obyekt bo‘yicha qariyb 3 trln so‘mmablag‘larning o‘zlashtirilishini ta'minlash mahalliy xokimliklar zimmasiga yuklatilgan.
 
Joriy yilning 1-yarim yilligida hududlarda ushbu ob'ektlarning 1,1 trln so‘mi yoki 38 foizi moliyalashtirildi.
 
1 sentyabr holatiga mablag‘larning o‘zlashtirilishi 63 foizni tashkil qildi (1,8 trln so‘m).
 
Loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishi kechikishi va tender (tanlov) savdolarining yakunlanmaganligi sabab 90 ta ob'ektda moliyalashtirish boshlanmadi.
 
Ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 3 trln. 794 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, joriy yilning 1-iyul holatiga 1 trln 66 mlrd so‘m yoki ajratilgan mablag‘larning 28 foizi o‘zlashtirildi.
 
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan jami mablag‘larning 39 foizi yoki 752 ta ob'ekt bo‘yicha 1,5 trln so‘m mablag‘larning o‘zlashtirilishi mahalliy xokimliklar tomonidan ta'minlanmoqda.
 
Ma'lumot uchun, joriy yilning hisobot davriga qadar hududiy hokimliklar tomonidan ajratilgan mablag‘larning 42 foizi (0,6 trln.so‘m) moliyalashtirib berilgan bo‘lsa, 1-sentabr holatiga ushbu ko‘rsatkich 64 foizni (1,0 trln.so‘mni) tashkil etdi.
 
Jumladan, 144 ta umumta'lim maktablarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun 522 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, 1 yarim yillik yakuniga ko‘ra 52 mlrd so‘m yoki belgilangan yillik parametrlarning 10 foizi o‘zlashtirildi. Albatta, Inqirozga qarshi jamg‘arma mart oyida tashkil qilinib, aprel' oyida ob'ektlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilganlini inobatga olishimiz lozim.
 
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan hududlarda manbasi belgilanmagan holda bajarilgan qurilish ta'mirlash ishlari bo‘yicha tahlillar o‘tkazildi.
 
O‘tkazilgan tahliliy o‘rganishlarda, joriy yilning 1-iyul holatiga, joylarda manbasi aniq bo‘lmasada jami 1 990 ta ob'ektlarda yangi qurilish, mukammal va joriy ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgani ma'lum bo‘ldi.
 
Ushbu obyektlarda loyiha smeta xujjatlariga asosan bajarilgan qurilish va ta'mirlash ishlarining jami qiymati 3 trln 322 mlrd bo‘lgani holda, mahalliy byudjet qo‘shimcha manbalari hisobidan 2 trln 424 mlrd so‘m moliyalashtirib berilgan.
 
Buning natijasida, bugungi kunda ushbu obyektlarda jami 897mlrd so‘m qarzdorlik vujudga kelgan.
 
Buning natijasida pudratchi tashkilotlarning bajargan ishlari bo‘yicha mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lab berilmasligi, ularning aylanma mablag‘lari hisobidan bajarilgan ishlarini topshira olmasligi holatlari yuzaga kelmoqda va bu o‘z navbatida qurilishga jalb qilingan ishchilarga ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanmasligi hamda ularning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
 
Hurmatli Senat Raisi, vaziyatdan foydalanib, senatorlardan mavjud qarzdorlikni mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘liq qoplanishini hududiy xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilishini hamda kelgusida moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan, tasdiqlangan loyiha smeta hujjatlarisiz qurilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishlarini so‘rab qolgan bo‘lardik.
 
Hurmatli senatorlar,
 
Yana bir muhim masala, bu xalqimizni sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash va kanalizasiya tizimini rivojlantirish masalasidir.
 
Ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash masalalariga keyingi yillarda juda katta e'tibor berilib, byudjetdan va xalqaro moliyaviy institutlarning kreditlari hisobidan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirildi.
 
So‘nggi 10 yilda respublika bo‘yicha ichimlik suv ta'minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qariyb 6 trln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, shuning 4,5 trln so‘mi yoki 78 foizi oxirgi uch yilda, ya'ni 2018-2020 yillarda ajratildi.
 
Natijada, respublika bo‘yicha qariyb mingdan oshiq ob'ektlarda 6 500 km dan ortiq ichimlik va 300 km ga yaqin oqova suv tarmoqlari tortildi.
 
Shundan, 2020-yilning o‘zida 327 ta obyektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 1 trln 953 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi (shundan 500 mlrd so‘m mablag‘ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan).
 
Joriy yilning 1 - yarim yilligida Investisiya dasturi doirasida 627 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan hamda belgilangan tartibga muvofiq 592 mlrd so‘m (88 %) mablag‘ moliyalashtirilib berilgan. Natijada, hisobot davri yakunida qariyb 2 375 km dan ortiq ichimlik va 332 km na yaqin oqova suv tarmoqlari tortilgan.
 
Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan suv ta'minoti va kanalizasiya ob'ektlari uchun qo‘shimcha ravishda 500 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
 
Ushbu mablag‘lar Respublika hududida vaqtinchalik karantin maskanlarini hamda aholini ichimlik suv ta'minoti va oqova suv tizimi bilan ta'minlash uchun yo‘naltirildi.
 
Hisobot davrida 335 mlrd so‘mlik manzilli dasturlar tasdiqlangan hamda 156 mlrd so‘m (47 %) qurilish-montaj ishlari bajarilib, bajarilgan ishlarga qarab 132 mlrd so‘m moliyalashtirib berildi.
 
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
 
Hisobot davrida iqtisodiyot xarajatlariga Davlat byudjetidan 9 trln 2 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Iqtisodiyot xarajatlarining hududlardagi eng dolzarb ayrim yo‘nalishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi PQ-4499-son qaroriga asosan 2020 yilda 43 825 gektar maydonda (shu jumladan 24,8 ming ga paxta, 4,9 ming ga uzumzor, 13,9 ming ga bog‘ va boshqa maydonlarida) suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplashga Davlat byudjetidan 325 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratish belgilangan.
 
O‘tgan davr mobaynida o‘tkazilgan o‘rganishlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda bir qancha tizimli kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
 
Jumladan, tuproq-iqlim sharoitining suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga mos emasligi (Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining janubiy tumanlaridagi qumoq tuproqli hududlar), suv to‘plash va tindirish havzalari talab darajasida qurilmaganligi natijasida suv o‘tkazish fil'trlariga loyqa tiqilib qolishi, sifatsiz uskunalar o‘rnatilganligi, suv bilan ta'minlanganlik darajasi o‘rganilmasdan joriy etilishi sababli, kutilgan natija bermayotganligi ma'lum bo‘lmoqda.
 
Ma'lumot uchun. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan hududda ma'lum miqdordagi suv ta'minoti uzluksiz bo‘lishi shart bo‘lgani holda ayrim hududlarda hozircha buning imkoni bo‘lmagan, ya'ni suv ayrim hududlar o‘rtasida navbat bilan taqsimlab berilgan.
 
Hurmatli Senat a'zolari,
 
“2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasiga asosan tumanlar va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilangan.
 
Joriy yilning 2 - chorak yakunlari bo‘yicha tuman va shaharlar byudjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalari 224 mlrd.so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 20,3 mlrd so‘m mablag‘larni fuqarolarning tashabbusi asosida yo‘naltirish maqsadida takliflar bildirish uchun maxsus Portalga e'lonlar berilgan.
 
Jarayon natijalariga ko‘ra 14 ta hudud bo‘yicha jami 15 793 ta takliflar berildi hamda qo‘shimcha mablag‘lar ushbu takliflar asosida sarflanmoqda.
 
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
 
Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2020-yilning 1-yarim yilida o‘tkazilgan 2 584 ta nazorat tadbirlaridan 2 021 tasida (78 %) 1 trln 298 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlandi.
 
Jami o‘tkazilgan 2 584 ta nazorat tadbirlarining 2010 tasi (78 %) byudjet mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan bo‘lib, nazorat tadbirlarida byudjetdan mablag‘ oluvchilar tomonidan 82 mlrd so‘m miqdorida turli byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklarni kamomadi va asossiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
 
Nazorat tadbiri davomida ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida aniqlangan noqonuniy xarajatlarning 57 mlrd so‘mi (70 %) tegishli byudjetlar daromadiga tiklanishi ta'minlandi.
 
Byudjet sohasida qonunbuzilish holatlarini hududlar kesmida tahlil qiladigan bo‘lsak, Andijon (9 mlrd so‘m), Qashqadaryo (8 mlrd so‘m), Toshkent (6 mlrd so‘m), Jizzax (5 mlrd so‘m), Surxondaryo (5 mlrd so‘m), Namangan (5 mlrd.so‘m), Farg‘ona (4 mlrd so‘m) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (8 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (5 mlrd so‘m) miqdorda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
 
Byudjet qonunchiligini buzganligi uchun byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 47 nafar rahbar va boshqa manbasdor shaxslariga o‘rnatilgan tartibda 35 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilib, to‘liq undirilishi ta'minlandi, 1 246 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 79 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari hujjatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
 
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘larining maqsadli va belgilangan tadbirlar sarflanishi, tibbiyot hodimlariga rag‘batlantirish pullarini berilishi ham Moliya vazirligining diqqat e'tiborida bo‘ldi.
 
Jamg‘arma mablag‘larini sarflanishida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan tibbiyot muassasalarida 56 mlrd so‘mlik turli xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlandi.
 
Jumladan, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlariga ajratilgan mablag‘lardan 23 mlrd so‘mi 2 359 ta holatda tovar moddiy boyliklarni qimmat narxda xarid qilish, belgilanmagan maqsadlarga mablag‘lar sarflash kabi xato-kamchiliklar aniqlandi.
 
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
 
Sizlarga ma'lumki, 2020-yilda ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5886-son Farmoni bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashning yangi tartibi joriy etildi.
 
Ma'lumot uchun. Joriy yilda davlat dasturi parametrlari bo‘yicha 2020-yilda umumiy qiymati 8 184,1 mlrd. so‘mlik 30 006 ta, shu jumladan yangi tartibdoirasida umumiy qiymatishahar va qishloy joylarda 5 287,0 mlrd.so‘mlik 17 750 ta kvartiralar qurilishi ko‘zda tutilgan.
 
Past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha 18 175 ta subsidiyalar ajratilishi va ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 889,0 mlrd.so‘mlik mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
 
Yangi tartib doirasida Moliya vazirligi tomonidan ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta'minlash maqsadida tijorat banklariga bozor shartlarida 20 yil muddatga depozit mablag‘lari ajratilmoqda.
 
Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan fuqarolarga:
 
- uy-joyning joylashgan joyi va maydonini mustaqil tanlash huquqi berilgan holda;
 
- tadbirkorlik sub'ektlarining o‘z mablag‘lari va bank kreditlari hisobiga qurilgan birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarini sotib olishga;
 
- bozor stavkasida, 20 yil muddatga, bir qarz oluvchiga ajratiladigan kreditning eng ko‘p miqdori belgilangan holda ajratilmoqda.
 
Past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholi qatlamini bozor stavkasidagi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratish orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi.
 
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4701-son qarori bilan karantin sharoitida aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, xususiy pudrat tashkilotlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ular tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan kvartiralarni ham sotib olishga ruxsat berildi hamda bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdorlari oshirildi.
 
Yangi tartibni joriy etilishi bilan quyidagilarga erishildi:
 
- taqdim etilgan samarasiz imtiyozlar sababli davlat byudjetiga ko‘p xarajatli hisoblangan uy-joy qurish va imtiyozli ipoteka kreditlash tizimidan bozor tamoyillariga asoslangan tizimga o‘tildi;
 
- ipoteka bozorini uzoq muddatli resurs bilan ta'minlash orqali banklarning tijorat ipoteka kreditlari muddati 20 yilgacha uzaytirishga hamda foiz stavkalarini o‘rtacha 26-28 foizdan 18-20 foizgacha mo‘'tadillashtirildi.
 
Moliya vazirligi va 14 ta tijorat banklari o‘rtasida 8,0 trln.so‘mlik resurslar ajratish bo‘yicha bosh bitimlar tuzildi. Ushbu bitimlar doirasida 2020 yil 1 iyul' holatiga banklarga ajratilgan 479 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan fuqarolarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurilgan 1 628 ta kvartiralarni sotib olishga 328 mlrd.so‘m miqdorda ipoteka kreditlari taqdim etildi.
 
Ajratilgan ipoteka kreditlari Toshkent shahrida 68 mlrd so‘mni, Samarqandda 55 mlrd so‘mni, Navoiy viloyatida 40 mlrd so‘mni, Farg‘ona 34 mlrd so‘mni, Surxondaryoda 36 mlrd so‘mni tashkil qildi.
 
2020-yil 1-iyul holatiga subsidiya olish uchun 2 027 ta ariza bo‘yicha subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan.
 
Davlat byudjetidan 105 ta fuqarolarga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal uchun 2,6 mlrd so‘mlik subsidiyalar to‘lab berildi.
 
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PF-6038-sonli Farmoni bilan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan 400 mingdan ko‘proq oilalarning 1,7 million nafardan ortiq a'zolariga 220 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
 
Ushbu maqsadlar uchun 260 mlrd so‘m respublika byudjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga ajratib berildi.
 
Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarni Respublikasining respublika byudjetidan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga 154 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-avgustdagi PQ-4815-son qaroriga asosan 2020-yilning sentabr oyida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta'minlash maqsadida 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
 
Bunda, bir martalik moddiy yordam ro‘yxatga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan 249 ming nafar bolalari hamda 165 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalari uchun ularning ota-ona (vasiy) lariga to‘lab berilmoqda.
 
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
 
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda strategik investision loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan uzoq muddatli imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilinmoqda.
 
Biroq, mazkur tashqi qarz mablag‘larini o‘z muddatida qaytarish bo‘yicha Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va “O‘zsuvta'minot” AJ tizimidagi qarzdor korxonalar va viloyat hokimliklari tomonidan yetarlicha ish tashkil qilinmaganligi hamda o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi tufayli hududiy suv ta'minoti korxonalari tomonidan muntazam ravishda to‘lovlarni bir necha oylab kechikib to‘lash yoki umuman to‘lanmaslik holatlari surunkali tus olgan.
 
E'tiborlisi, mazkur korxonalar hisobidan to‘lanayotgan qarzdorliklar jami qarzdorlikning o‘rtacha 25-30 % ini tashkil qiladi. Qarzdorlikning asosiy qismi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
 
Shunday bo‘lsa-da, hududiy suv ta'minoti korxonalari tomonidan tashqi qarzdorliklar o‘z muddatida to‘lanmaganligi sababli, joriy yilning 1 yarim yilligi mobaynida qo‘shimcha ravishda Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 34 mlrd 906 mln. so‘m mablag‘lar to‘lab berildi. Jumladan:
 
- “Buxoro suv ta'minoti” MChJ uchun 7 mlrd 834 mln so‘m;
 
- “Qashqadaryo suv ta'minoti” MChJ uchun 7 mlrd 48 mln so‘m;
 
- “Samarqand suv ta'minoti” MChJ uchun 4 mlrd 93 mln so‘m;
 
- “Farg‘ona suv ta'minoti” MChJ uchun 3 mlrd 620 mln so‘m;
 
- “Navoiy suv ta'minoti” MChJ uchun 2 mlrd 812 mln so‘m;
 
- “Jizzax suv ta'minoti” MChJ uchun 2 mlrd 748 mln so‘m;
 
- “Andijon suv ta'minoti” MChJ uchun 2 mlrd 830 mln so‘m;
 
- “Surxondaryo suv ta'minoti” MChJ uchun 1 mlrd 828 mln so‘m;
 
- “Sirdaryo suv ta'minoti” MChJ uchun 1 mlrd 796 mln so‘m;
 
- “Xorazm suv ta'minoti” MChJ uchun 297 mln so‘m.
 
Hurmatli senatorlar!
 
Ayrim hududlarda belgilangan daromad rejasini bajarish uchun hisobot choragining oxirgi ish kunida soliq to‘lovchi korxonalar tomonidan byudjet daromadiga ortiqcha yoki noto‘g‘ri mablag‘lar o‘tkazilishi va hisobot choragidan keyingi oyining dastlabki kunlarida ushbu mablag‘larni soliq to‘lovchi korxonalarga qaytarib berish holatlari kuzatilmoqda.
 
Misol uchun, 2020-yil mart oyi oxirida byudjet daromadiga o‘tkazilgan 17 ta holatda to‘langan jami 10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘dan qariyb 5 mlrd so‘m (50%) qismi aprel' oyining dastlabki kunlarida soliq to‘lovchi korxonalarga qaytarib berilgan.
 
Bundan tashqari, Davlat byudjetining g‘azna ijrosini amalga oshirish jarayonida aksariyat hududlarda Davlat xaridlari tartib tamoyillariga mutlaqo rioya qilmagan holda tovar (ish, xizmat) lar uchun tegishli sud qarorlariga asosan to‘lovlarni amalga oshirish holatlari ham uchrab turibdi.
 
Masalan, Uzun tumani hokimligi bilan "LIKE ARTICOMFORT" hususiy korxonasi o‘rtasida Davlat xaridlari tartib tamoyillariga rioya qilmagan holda shartnoma tuzilib tegishli G‘aznachilik organidan ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan 133 mln. so‘m mablag‘ undirilgan.
 
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
 
2020-yildan boshlab konsolidasiyalashgan byudjet tarkibiga kiritilgan 18 ta Davlat maqsadli jamg‘armalarining jami daromadlari 15 trln. 692 mlrd. so‘mni, xarajatlari esa 16 trln 988 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
 
Shundan, 2020-yil 1 - yarim yilligida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining daromadlari - 10,9 trln.so‘m bo‘ldi, belgilangan yillik prognozning – 46,3 foizni tashkil qildi. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan - 1,6 trln.so‘mga yoki 13 foizga kamaygan. Bu kamayishning asosiy sabablari bo‘lib davlat korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasining 25 foizdan 12 foizgacha kamaytirilganligi va karantin cheklovlari sharoitida ish haqi fondining kamayib ketishi hisoblanadi.
 
Pensiya jamg‘armasining xarajatlari 15 trln. 233 mlrd. so‘mni tashkil etdi va respublika byudjetidan 3,2 trln. so‘m transfert ajratildi.
 
Bu esa hisobot davrida 3,7 million nafardan ortiq fuqaroga pensiya va nafaqa to‘lovlarini o‘z vaqtida moliyalashtirilishi hamda to‘lanishini ta'minladi.
 
Shu bilan birga, 2020-yildan boshlab konsolidasiyalashgan byudjet tarkibiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tushumlari 1 trln. 975 mlrd. so‘m, xarajatlari esa 3 trln. 831 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Shundan 1 trln. 14 mlrd. so‘m Sardoba suv ombori talofatlarini bartaraf etish uchun Davlat byudjetiga o‘tkazildi.
 
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari !
 
Xulosa qiladigan bo‘lsak, davlat byudjeti 6 trln. 722 mlrd so‘m miqdoridagi Davlat byudjeti taqchilligi quyidagi manbalar:
 
3 trln 423 mlrd so‘mi – Davlat g‘aznachilik obligasiyalarini muomilaga chiqarish natijasida kelib tushgan;
 
3 trln 299 mlrd so‘mi - Xalqaro moliya institutlaridan byudjetni qo‘llab quvvatlash uchun jalb qilingan mablag‘lar hisobidan qoplandi.
 
Konsolidasiyalashgan byudjet daromadlari 71 trln. 702 mlrd so‘mni, xarajatlari esa 80 trln. 594 mlrd. so‘mni tashkil etgan holda YaIMga nisbatan 3,9 foiz miqdorida taqchillik bilan ijro etildi.
 
E'tiboringizga havola etilgan ma'ruza va tarqatilgan ma'lumotlar Sizlarga Davlat byudjetining 2020-yil 1 - yarim yillik ijrosi yuzasidan to‘liq ma'lumot berdi deb o‘ylaymiz.
 
Sizlardan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 2020-yil 1 - yarim yillik hisobotini tasdiqlab berishingizni so‘raymiz.
 
E'tiboringiz uchun rahmat !
 
 
 

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi

Поделиться