O‘zbekiston elchisi Qozog‘istonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlari bilan uchrashdi
NUR-SULTON, 14-sentabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jaev Qozog‘istonning yetakchi ommaviy axborot vositalari va blogerlari bosh muharrirlari klubi (BMK) vakillari uchun O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.
Bosh muharrirlar klubi 2005-yilda tashkil etilgan va mamlakatning 270 ta ommaviy axborot vositalari rahbarlarini birlashtirgan. Qozog‘istonda akkreditasiyadan o‘tgan xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik qiladi.
Elchi o‘z nutqida tadbir ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning respublika xalqiga bayram tabrigi mazmun-mohiyati, shuningdek, O‘zbekiston – Qozog‘iston aloqalarining rivojlanish istiqbollari haqida ma'lumot berdi.
Brifing ishtirokchilari O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari va so‘nggi yillarda davlatlarimiz munosabatlari rivojida ijobiy o‘sish kuzatilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston rahbarining faol va konstruktiv siyosati mamlakatlarimiz va umuman Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni ochgani, mintaqada o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini yaratgani ta'kidlandi.
BMK prezidenti, Qozog‘iston axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri maslahatchisi Bibigul Jeksenbay O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda Qozog‘iston televideniesida o‘zbek tilidagi dasturlar va fil'mlarni namoyish etish mexanizmini ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligini qayd etdi.
BMK vise-prezidenti, «Saxara» gazetasi bosh muharririning birinchi o‘rinbosari Kenjebolat Joldibay O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ushbu maqsaddagi sa'y-harakatlarni maqsadli amalga oshirish imkoni mavjudligini bildirdi.
Uning ta'kidlashicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi madaniy munosabatlar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xalqlarni umumiy til, din, madaniyat va urf-odatlar birlashtiradi va ikki qardosh xalq o‘rtasida bugungi kunda mustahkamlanib borayotgan hamkorlik o‘zaro manfaatlariga javob beradi.
Bloger Ulan Abishev Qozog‘istonda O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishni hisobga olgan holda, «O‘zbekiston» brendini Qozog‘istonda ommalashtirishga qiziqishini bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi