Elgavada O‘zbekiston – Latviya universitetlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi
RIGA, 14-sentabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Qadamboy Sultonov Elgava shahriga safari davomida Latviya qishloq xo‘jaligi universiteti (LQU) rektori Irina Pilvere bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.
Muloqot chog‘ida LQU bilan O‘zbekistonning ixtisoslashgan universitetlari o‘rtasida ilmiy, o‘quv, pedagogik va akademik almashinuvlarni yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Qator tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha universitetlararo hamkorlik istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi.
LQU «The Times Higher Education World University Rankings 2021” reytingi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga kiritilgan Latviyaning 3 ta yetakchi universitetidan biri hisoblanadi.
Universitetda «Vesause» noyob o‘quv va ilmiy-tadqiqot fermasi faoliyat yuritmoqda, u ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi bo‘lib, ularda chorvachilik va o‘simliklarni yetishtirish, xususan, navli urug‘larni parvarishlash, shu jumladan seleksiyani qo‘llab-quvvatlash, hayvonlarda yangi kasalliklarni aniqlash bo‘yicha tajribalar o‘tkazish imkoni mavjud.
LQU O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari bilan faol aloqalarni davom ettirmoqda. Xususan, Toshkent davlat agrar universiteti (shu jumladan, Andijon filiali bilan), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDUI), Samarqand veterinariya tibbiyoti instituti (SVTI), Toshkent davlat moliya universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Buxoro davlat universiteti bilan shartnomalar imzolangan.
Rektor Irina Pilvere boshchiligidagi LQU delegasiyasi 2019 yil oktyabr' oyida O‘zbekistonda bo‘lib, mamlakatimizning qator universitetlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. O‘sha yilning dekabr oyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi universitetlarining 10 nafar o‘qituvchisi USAID dasturi doirasida LQUda malaka oshirdi. Bundan tashqari, 2018-yildan beri “El-yurt umidi” jamg‘armasi dastur bo‘yicha nafar o‘qituvchi ham LQUda malaka oshirish imkoniga ega bo‘lgandi.
Suhbat davomida Irina Pilvere "Oziq-ovqat xavfsizligi va innovasiyalar" va "Raqamli texnologiyalar va barqaror rivojlanish" yo‘nalishlari bo‘yicha SVTI va TDIUning Samarqand filiali bilan "dual diplom" dasturini onlayn ravishda boshlashni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi