O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki ishlar vazirligi "O'zligimiz timsoli – Ona tilim" mavzusida onlayn insholar tanlovini e'lon qiladi
2020-09-14 | Madaniyat
Ichki ishlar vazirligi mamlakatimizda o'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish, vazirlik ta'lim muassasalarining kursant (tinglovchi) va o'quvchi yoshlarini vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug' ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, ichki ishlar organlarida davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash hamda 21-oktabr – O'zbek tili bayrami kunini munosib nishonlash va bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ'ib qilish maqsadida “O'zligimiz timsoli – Ona tilim” mavzusida onlayn insholar tanlovi e'lon qiladi.
Mazkur tanlov Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalarining kursant (tinglovchi) va o'quvchilari o'rtasida 2020-yil 10-sentabrdan 10-oktabrgacha bo'lgan vaqt oralig'ida onlayn tarzda o'tkaziladi.
Tanlovni tashkil etish tartibi
Tanlov bir bosqichda (respublika miqyosida) o'tkaziladi.
Tanlovda ishtirokchilar o'zbek tilida, qo'lyozma shaklida yozilgan insholari bilan ishtirok etadi.
Tanlov ikki guruh kesimida o'tkaziladi:
a) birinchi guruh – Ichki ishlar vazirligi ixtisoslashtirilgan maktab-internati va akademik litseylari o'quvchilari o'rtasida;
b) ikkinchi guruh – Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursant va tinglovchilari o'rtasida.
Birinchi guruh doirasidagi insholar 600 belgidan, ikkinchi guruh doirasidagi insholar 1200 belgidan kam bo'lmasligi lozim.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo'lgan Vazirlik ta'lim muassasalarining kursant (tinglovchi) va o'quvchilari “O'zligimiz timsoli – Ona tilim” mavzusidagi insholarini joriy yilning 15 oktyabr` kuniga qadar elektron shaklda (muallif tomonidan imzolangan skaner varianti bilan birgalikda) Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyatining “postda.uz” telegram manziliga yuborishlari lozim.
Tanlovga kelib tushgan insholar “postda.uz” telegram manzili orqali e'lon qilib boriladi va Hakamlar hay'ati a'zolari tomonidan saralanib, g'oliblar aniqlanadi.
Tanlov natijalari hamda g'oliblarning insholari Vazirlikning “iiv.uz”, “postda.uz” veb-saytlari va “Postda – Na postu” gazetasi orqali e'lon qilinadi.
Baholash mezoni
Ishtirokchilarning insholari quyidagi mezonlar asosida 100 ballik tizimda baholanadi:
a) mavzu reja asosida to'liq yoritilganligi – 30 ballgacha;
b) mavzuni to'g'ri ochib berilganligi, mustaqil ijodiy fikrlar hamda dalillar asosida ravon va grammatik qoidalarga rioya qilgan holda yozilganligi – 30 ballgacha;
v) inshoni yozishda so'z boyligining kengligi – 20 ballgacha;
g) insho mazmuniga tarixiy, adabiy-badiiy, publitsistik va boshqa materiallarning singdirilganligi – 10 ballgacha;
d) imloviy savodxonligi – 10 ballgacha.
G'oliblarni taqdirlash
Tanlov natijalariga ko'ra g'oliblar Ichki ishlar vazirligining bir marta to'lanadigan quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
a) 1-o'rin uchun I darajali Diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida pul mukofoti;
b) 2-o'rin uchun II darajali Diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 7 barobari miqdorida pul mukofoti;
v) 3-o'rin uchun III darajali Diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida pul mukofoti.
G'oliblarni taqdirlash 21-oktabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan tadbirlarda tantanali ravishda topshiriladi.
Tanlov natijalari hamda g'oliblarning insholari Vazirlikning “iiv.uz”, “postda.uz” veb-saytlari va “Postda – Na postu” gazetasi orqali e'lon qilinadi.
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi