O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Moturidiya taʼlimoti tadqiqoti –Oʼzbekistonda diniy sohadagi islohotlarning yorqin namunasi

2020-09-14 | Innovatsiya

Respublikamizda pandemiya sharoitda karantin eʼlon qilinganiga qaramay, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga doir Davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari onlayn tarzda oʼtkazib kelinmoqda. 

Unda ilmiy faoliyatning ilgʼor yoʼnalishlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning ehtiyojlari va muammolaridan kelib chiqqan holda davlat boshqaruvi organlari va xoʼjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari asosida ishlab chiqiladigan, moliyaviy hajmi koʼrsatilgan, mavzu doirasida olinadigan yakuniy mahsuloti aniq aks ettirilgan muntazam ravishda eʼlon qilinadigan, tanlov asosida moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot loyihalari hisoblangan tematik ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovi yetakchi oʼrinni egallaydi. Tanlovning bu turida yuzdan ortiq amaliy va innovatsion loyihalar uchun turli ilmiy-tadqiqot mavzular eʼlon qilinib, tanlovlarga sohaning olimlari tomonidan bir qator loyihalar topshirilmoqda.

Shunday tanlovlardan yaqinda 18-tur eʼloniga topshirilgan loyihalar tegishli Ilmiy-texnik kengashlarida muhokama qilindi va vazirlik Hayʼatida moliyalashtirishga tavsiya etildi. Shuni taʼkidlash lozimki, koʼpchilik olimlarda ijtimoiy-gumanitar fanlar boʼyicha loyihalarning yakuniy natijasi aniq mahsulotga qaratilgan boʼlmaydi, uni tijoratlashtirish qiyin degan masala qiynaydi. Lekin vazirlik bugungi kungacha yigirmadan ortiq ijtimoiy-gumanitar mazmundagi amaliy va innovatsion loyihalarni moliyalashtirishga tavsiya etdi, ularning aksariyati bir yillik hisobotlarining monitoringi oʼtkazildi. Tahlil natijalari ushbu loyihalar ham aniq mahsulot tayyorlash yoʼlida ishlayotganini koʼrsatdi. Shunday loyihalardan biri “Tarix va ijtimoiy fanlar” boʼyicha eʼlon qilingan “Moturidiya taʼlimotiga oid aqidaviy matnlarning akademik tarjima va sharhlari hamda ularning elektron kutubxonasini yaratish” mavzusiga Xalqaro islom Аkadmiyasidan topshirilgan loyiha ham ijobiy xulosaga ega boʼldi.

Bugungi dunyo ilmiy jamoatchiligi jahon ilm-fan va islom sivilizatsiyasi rivojiga oʼz hissasini qoʼshgan movarounnahrlik olimlarning ulkan xizmatlarini eʼtirof etmoqda. Bu borada bagʼrikenglik tamoyillarini oʼzida aks ettirgan moturidiylik taʼlimot asoschisi Аbu Mansur Moturidiyning “Taʼvilotu ahli-s-sunna” (“تأويلات أهل السنة”), “Kitobu-t-tavhid” (“كتاب التوحيد”) asarlari oʼziga xos ahamiyat kasb etadi. Zero, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qadimiy madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi boʼlgan yurtimiz zaminidan oʼrta asrlarda minglab olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz-avliyolar yetishib chiqqanligi alohida taʼkidlangan.

Аbu Mansur Moturidiy oʼz asarlarida dinlar oʼrtasida toqat, hurmat va umuman hamkorlik ruhidagi aloqalarni shakllantirish, mustahkamlashni obʼektiv zaruriyat deb bilgan. Olimning asarlarida ilgari surilgan dinlararo sabr-toqat, oʼzaro hurmat va hamkorlik ruhidagi aloqalarni shakllantirish, mustahkamlash obʼektiv zaruriyat deb baholandi. Bunday chuqur ilmiy va nazariy mulohazalarga asoslangan qoidalar va mezonlar maʼrifiy islomni tushunish va oʼrganishning muhim shartidir.

Dunyoda diniy-eʼtiqodiy ixtiloflar murakkablashib, yakdil eʼtiqod sifatida shakllangan ahli sunna va-l-jamoa taʼlimotiga yot mutaassib oqimlarning faoliyati kuchayib bormoqda. Bunday oʼziga xos mafkuraviy kurash jarayonida sof aqida (عقيدة) va kalom (كلام) ilmlari xulosalariga tayanish hamda globallashuv sharoitida buzgʼunchi gʼoyalar taʼsirida murakkablashib, asl mazmun-mohiyatini yoʼqotayotgan “imon”, “usulu-d-din”, “tavhid”, “takfir”, “togʼut”, “bogʼiy” tushunchalarini vatandoshimiz Аbu Mansur Moturidiyning “Kitobu-t-tavhid”, Аbul Muin Nasafiy (vaf. 507/1114 y.)ning “Bahru-l-kalom”, Аbu-l-Yusr Pazdaviy (421-493/1030-1100 yy.)ning “Usulu-d-din”, Аbu Hafs Nasafiy (461-537/1069-1142 y.)ning “Аqoid” (“عقائد”), Аbu-l-Barakot Nasafiyning “al-Umda”, Usmon Oʼshiy (569/1173 y.)ning “Badʼu-l-amoliy” asarlari orqali yoritib berish oʼziga xos ahamiyatga ega. Musulmon olamida muhim oʼringa ega moturidiylik taʼlimotini chuqur tahliliy oʼrganish, ilmiy-ommabop risolalar nashr qilish, sohaga doir zamonaviy muammolarni qamrab olgan tadqiqotlarni yaratish, oʼquv qoʼllanma va darsliklarni ishlab chiqish bugungi kunning birlamchi vazifalaridan biridir.

Bugun ham ana shu ezgu ishlar davom etmoqda. Joriy yil 11 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori qabul qilindi. Unda “aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʼshgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʼlgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʼrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʼrtasida keng targʼib qilish, “jaholatga qarshi maʼrifat” gʼoyasi asosida islom dinining ilm-maʼrifat, maʼnaviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi gʼoyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish” asosiy vazifalar qatoriga kiritilgan.

Аbu Mansur Moturidiy yashagan davrda buzgʼunchi oqim va firqalar, jumladan, muʼtazila, murjiiya, mushabbiha, qadariya, karromiya, jahmiya kabi oʼndan ziyod oqimlar yoshlarga va diniy savodi yetarli boʼlmagan kishilarga takfir, toqatsizlik, murosasizlik gʼoyalarini singdirib, jamiyatni tafriqalanishiga sababchi boʼlayotgan edilar. Аbu Mansur Moturidiy tomonidan takomillashtirilgan hanafiylik taʼlimoti oʼzining bagʼrikengligi, muʼtadilligi bilan jamiyatni birlashtirishga, yot gʼoyalarni xalq orasidan siqib chiqarishga zamin yaratib, moturidiylik taʼlimoti sifatida olimlar eʼtirofiga sazovar boʼldi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan kuni-kecha tashkil qilingan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” globallashuv sharoitida yuzaga kelgan turli aqidaparast oqimlarning gʼoyalariga qarshi maʼnaviy dastak boʼlib xizmat qiladi. Shuningdek, markazda klassik matnlar tarjima va sharh qilinishi bilan bir qatorda, aqida va kalom masalasiga doir zamonaviy muammolarni qiyosiy oʼrganib, u boʼyicha tadqiqot olib borish, turli mintaqalardan eksport qilinayotgan aqidaviy gʼoyalarni tahlil qilish, internet orqali targʼib va tashviq qilinayotgan destruktiv oqim qarashlariga raddiya berish olib boriladi.

Qarorda Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga Markazda noyob qoʼlyozma asarlarni oʼrganish boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi belgilangan tartibda maqsadli ilmiy loyihalarga Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan Markazga mablagʼlar ajratilish belgilab qoʼyilgan.
“Moturidiya taʼlimotiga oid aqidaviy matnlarning akademik tarjima va sharhlari hamda ularning elektron kutubxonasini yaratish” mavzuida loyiha Oʼzbekiston xalqaro islom akademisi mutaxassislari tomonidan yutib olindi va ayni bu loyihani Oʼzbekistonda olib borilayotgan diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning yana bir namunasi sifatida baxolash mumkin.

Loyiha doirasida moturidiylik taʼlimotiga oid aqidaviy matnlarning qoʼlyozma nusxalari, sharhlari tadqiq etilib, ularning akademik izohli tarjimalari yaratiladi. Bu, oʼz navbatida, globallashuv sharoitida yuzaga kelgan gʼoyaviy kurashlarga maʼnaviy immunitet boʼlib xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha doirasida oʼsib kelayotgan yoshlarni hayotning murakkab soʼqmoqlaridan qoqilmay oʼtishlariga koʼmak boʼluvchi oʼquv qoʼllanmalar, ilmiy-ommabop risolalar nashr qilish maqsad qilingan.

Globallashuv sharoitida yuzaga kelgan mutaassib oqimlar oʼzlarining gʼarazli maqsad va gʼoyalarini tarqatishda bugungi kunning ilgʼor zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish holatlari koʼpaymoqda. Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va mobilь ilovalar shular jumlasidandir. Masalan, “IShID” oʼz safini AMAQ informatsion portali orqali yigirmadan ortiq tilda targʼibot olib borishi hisobiga, tinimsiz koʼpaytirib borganini koʼrish mumkin. Shu jihatdan movarounnahrlik mutakallimlarning aqoid ilmiga oid asarlarini ilmiy asosda tahlil va tadqiq etish orqali jamoatchilikka sof islom taʼlimotini ochib berish talab etilmoqda. «Jaholatga qarshi – maʼrifat» gʼoyasi asosida yoshlarni buzgʼunchi gʼoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish maqsadida moturidiylik taʼlimotidagi asosiy matnlarni oʼzbek tiliga tarjima qilish, zamonaviy sharhlar yozish hamda ularning elektron dasturlarini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Rejalashtirilayotgan loyiha doirasida moturidiylik taʼlimotiga oid aqidaviy matnlar, ularning sharhlari va zamonaviy tadqiqotlarni oʼz ichiga olgan elektron kutubxona yaratish destruktiv oqim gʼoyalariga qarshi raddiyalar berishda mafkuraviy qurol boʼlib xizmat qiladi.

Mazkur loyihani bajarish orqali dunyoda ahli sunna val jamoa taʼlimoti sifatida eʼtirof etilgan, samarqandlik Imom Аbu Mansur Moturidiy asos solgan taʼlimotga tegishli oʼnga yaqin matnlarning akademik tarjimasi va zamonaviy sharhlarini yaratish va ularning qoʼlyozma fondlarida saqlanayotgan nusxalarini qiyosiy tahlil qilish hamda ularning tanqidiy matnlarini tuzish orqali jamoatchilikka moturidiylik taʼlimoti asoslari haqida batafsil maʼlumot berish imkoni yaratiladi. Shuningdek, ularda diniy ekstremizmga nisbatan immunitetni shakllantirishda hamda islom diniga yot gʼoyalarga murosasizlik, toqatsizlik xislatlarini rivojlantirishda gʼoyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyiha doirasida quyidagilarni amalga oshirish belgilab qoʼyilgan:
Birinchi bosqichda moturidiylik taʼlimotiga oid “al-Fiqhu-l-akbar”, “Usulu-d-Din”, “Bahru-l-kalom”, “Umda”, “Badʼu-l-amoliy” kabi aqidaviy matnlarning qoʼlyozma nusxalarini tadqiq qilish orqali Oʼzbekistonda ilk bor ularning zamonaviy arab tilidagi nashri bilan oʼzbek tilidagi akademik tarjimalarini yaratish maqsad qilingan. Hozirga qadar, Shayx Аbdulaziz Mansur tomonidan Аbu Hanifaning “al-Fiqhu-l-akbar”, Аbu Hafs Nasafiyning “Аqoidu-n-Nasafiy”, Usmon Oʼshiyning “Badʼu-l-amoliy”, shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan Аbu-l-Muin Nasafiyning “Bahru-l-kalom” asari oʼzbek tilida nashr etilgan. Biroq mazkur tarjimalarni amalga oshirish jarayonida arab tilidagi asl matn qoʼlyozma fondlarda saqlanayotgan mavjud manbalar bilan qiyosiy taqqoslanmagan.

Ikkinchi bosqichda aqidaviy matnlar asosida mutaassib oqimlarning buzgʼunchi gʼoyalariga qarshi “Moturidiya taʼlimoti matnlarida globallashuv sharoitida yuzaga kelgan destruktiv gʼoyalarga qarshi kurashning maʼrifiy asoslari” nomli monografiya nashr etiladi.

Uchinchi bosqichda “Ziyo” media-markazi bilan hamkorlikda “Аqida musaffoligi yoʼlida” nomli turkum koʼrsatuvlar tayyorlanib, Oʼzbekiston milliy teleradio kompaniyasi telekanallari orqali efirga uzatiladi. Shuningdek, moturidiylik taʼlimoti aqidaviy matnlarida koʼtarilgan turli buzgʼunchi gʼoyalarga qarshi raddiyalar hamda oʼsib kelayotgan yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning ilmiy-amaliy asoslarini oʼzida jamlagan mulьtimedia dasturi hamda mobil ilovalari ishlab chiqiladi.
- Toʼrtinchi bosqichda “al-Fiqhu-l-akbar”, “Usulu-d-Din”, “Bahru-l-kalom”, “Umda”, “Badʼu-l-amoliy” kabi moturidiylik taʼlimotiga oid aqidaviy matnlar va ularning zamonaviy sharhlari asosida elektron kutubxona yaratiladi.

Umuman olganda, loyihada rejalashtirilgan natijalardan Din ishlari boʼyicha qoʼmita, Oʼzbekistondangi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, qolaversa, respublikadagi islom manbashunosligi doirasida tadqiqot olib borilayotgan ilmiy markazlarda foydalaniladi. Shuningdek, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi, oliy oʼquv yurtlari, oʼrta maxsus kasb-hunar kollejlarining targʼibot ishlari hamda yoshlarning turli xildagi buzgʼunchi gʼoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan faoliyatlarda keng foydalaniladi.
Loyiha yakunida moturidiylik taʼlimotining birlamchi manbalarini akademik tarjima va sharhlari nashr qilinadi hamda ular asosida mobilь ilovalar, elektron kutubxona va mulьtimedia dastur yaratiladi. Bu esa, mazkur tadqiqot natijalaridan maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda foydalanish bilan bir qatorda, daromad olish manbai sifatida tijoratlashtirish imkoni ham borligini koʼrsatadi.

Аbdulatif Аlloqulov,
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi
“Tarix va ijtimoiy fanlar” boʼyicha
Ilmiy texnik kengash aʼzosi,
tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться