Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida investisiya, sanoat va eksport faoliyatining o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi
Joriy yilning 12-13-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat eksport va investisiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining investisiya, sanoat va eksport imkoniyatlarini o‘rganish hamda hududlarning mavjud iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi.
Tegishli ishchi guruhlari tomonidan ushbu viloyatlarda joylarga chiqqan holda 8 dan 13-sentabrgacha ish olib borildi.
Hafta davomida korxonalarga borgan holda Jizzax viloyatida barcha 2596 ta, Sirdaryo viloyatida esa 2103 ta sanoat obyektlarining joriy holati tahlil qilindi.
Natijada ishlab chiqarish faoliyatida muammolarga duch kelgan 598 ta korxona aniqlanib, ulardan 303 tasi aylanma mablag‘larni to‘ldirish va texnologik uskunalarni sotib olish uchun kredit resurslarini olish, 97 tasi muxandislik kommunikasiyalariga ulanish, 51 tasi ishlab chiqarish uchun xom ashyoga, 36 tasi ruxsat hujjatlari va lisenziyalar olishga muhtoj ekanligi aniqlandi. Shuningdek, yer maydonlarini ajratish, oldindan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarishda yordam berish, debitor qarzlarini to‘lash va oldindan olingan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni restrukturizasiya qilish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish zarur bo‘lgan holatlar ham aniqlandi.
Aniqlangan masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida manzilli qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish va ishlab chiqarish ob'ektlarini loyihaviy quvvatlariga tezroq olib chiqish bo‘yicha mas'uliyat yuklatilgan holda ikkala viloyatlardagi har bir korxonaga tegishli tarmoq idoralari va birlashmalari, tijorat banklari hamda viloyat tuman va shaharlar hokimliklari rahbarlari biriktirildi.
Har ikki viloyatning hududiy investisiya dasturlari qayta ko‘rib chiqildi - ishlab chiqarishning yuqori sur'atlari, eksport va yaratilgan ish o‘rinlari soni bilan ajralib turadigan iqtisodiy nuqtai nazardan eng istiqbolli investisiya loyihalari tanlab olindi. Ushbu loyihalarni joriy yil oxirigacha foydalanishga topshirish maqsadida ularning amalga oshirilishi tezlashtiriladi.
Jizzax viloyatining hududiy investisiya dasturi 14,7 trln so‘mlik 608 ta investisiya loyihani qamrab olgan, shundan 3,2 trln so‘mlik 433 ta loyiha 2020 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Optimallashtirishdan so‘ng qiymati 222,5 mlrd so‘m bo‘lgan 15 ta istiqbolli loyihani foydalanishga topshirish muddati 2021 yildan 2020 yilga ko‘chirildi. Shuningdek, qiymati 68,6 mlrd so‘mlik 39 ta yangi iqtisodiy jihatdan samarador loyihalar ishlab chiqildi.
Sirdaryo viloyatida joriy yil oxiriga qadar 10,4 trln so‘mlik 668 ta loyihaning amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Dasturni qayta ko‘rib chiqish natijasida 132,9 mlrd so‘mlik 28 ta yuqori natijali loyihalarning amalga oshirilishi 2020 yilga ko‘chirildi.
Hukumat komissiyasi ishi doirasida mahalliy bozorlarda yuqori talabga ega va mahalliy sanoat korxonalari tomonidan foydalanadigan mahsulotlarning import o‘rnini bosishga qaratilgan bir qator loyihalar ishlab chiqildi.
Jizzax viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida 2020-yilda 312,7 mlrd so‘mlik 50 ta loyiha, 2021-yilda esa 377,2 mlrd so‘mlik 4 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Hukumat komissiyasi a'zolari tomonidan qurilish materiallari, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, mashinasozlik sohalarida 339,6 mlrd so‘mlik 36 ta import o‘rnini bosuvchi qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi sanoat ishlab chiqarishining sezilarli o‘sishini ta'minlashidan tashqari 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Sirdaryo viloyatida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha oldin rejalashtirilgan 645,5 mlrd so‘mlik 34 ta loyihaga qiymati 145,3 mlrd so‘mlik 13 ta qo‘shimcha yangi investisiya loyihalari ishlab chiqildi.
Ikki viloyat sanoatini klasterlashtirish yo‘nalishida alohida ish olib borildi - xususan, Jizzax viloyatida oziq-ovqat, to‘qimachilik, farmasevtika va kimyo sanoati, shuningdek, qurilish materiallari, charm va ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi 7 yo‘nalishda 18 ta sanoat klasterini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu klasterlarni yaratish natijasida qiymati 2,9 trln so‘mlik 37 ta loyiha amalga oshiriladi va 1,7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha qiymat zanjirlari shakllantiriladi. Bu ham qo‘shimcha 5 ming yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi.
Sirdaryo viloyatida xuddi shu tamoyil asosida to‘qimachilik, charm-poyabzal, baliq yetishtirish, oziq-ovqat va farmasevtika tarmoqlarida qiymati 41 trln so‘mlik 23 ta yangi loyiha amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi