O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda ziyorat turizmini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar ko'zdan kechirildi
2020-09-13 | Turizm
Bugungi kunda uch ming yillik tarixga ega vohamiz ajdodlardan qolgan boy madaniy merosi bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Ayni chog'da viloyatimizdagi 829 ta moddiy va madaniy meros obyekti, jumladan, 507 ta me'moriy obida, 287 ta arxeologik yodgorlik, 17 ta monumental san'at namunasi va 18 ta diqqatga sazovor joylar davlat muhofazasiga olingan.
Joriy yilning 12-sentabr kuni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Farxod Umarov boshchiligidagi sektor rahbarlari, sohaga daxldor idoralar mas'ullari birgalikda viloyatda ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosini o'rgandilar.
Sektor rahbarlari butun Islom olamining ma'naviy mulkiga aylanib borayotgan muqaddas qadamjolarimiz — "Etti Pir" silsilasi va ularda olib borilayotgan ta'mirlash-tiklash, bunyodkorlik va obodonlashtirish, ularni zamon talablariga muvofiq rekonstruktsiya qilish va ushbu tabarruk qadamjolarni bog'lovchi yangi sayyohlik yo'nalishlarini tashkil etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarini ko'zdan kechirish maqsadida, dastlab, G'ijduvon tumanida joylashgan "Hoja Abduxoliq G'ijduvoniy", so'ngra, Shofirkon tumanidagi "Hoja Orif Revgariy", Vobkent tumanidagi "Hoja Mahmud Fag'naviy", Romitan tumanidagi "Hoja Ali Romitaniy" va "Hoja Boboyi Samosiy", shundan so'ng Kogon tumanida joylashgan "Hoja Sayyid Amir Kulol" va "Hoja Bahouddin Naqshband" me'moriy majmualarida bo'ldilar.
Mahalliy iqlim murakkabligini inobatga olgan holda har bir qadamjo atrofini obodonlashtirish masalasida viloyat O'rmon xo'jaligi boshqarmasiga alohida talab qo'yildi.
Shuningdek, kelgusida majmuaga imom-xatiblarni jalb etib, ularga allomalarimiz ma'naviy merosini yosh avlodga chuqur o'rgatish, xalqimizga etkazish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Nazorat tartibida o'rganilgan barcha tarixiy-me'moriy obidalarimiz — muqaddas qadamjolarimizga tashrif marhumlar xotirasiga Qur'on tilovat qilish bilan boshlanib, har bir ziyoratgohda shinam muzey, "Poykent – Bukhoro" turkumidagi zamonaviy mehmonxona, choyxona, esdalik buyumlar va kitob savdosi rastalari bilan birgalikda o'ziga xos yaxlit infratuzilmani yaratishga, har bir qadamjo milliy me'morchilik an'analarimizga muvofiq ko'rkam qiyofa kasb etishi va albatta, atrofini so'lim manzarali boqqa aylantirishga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi