Samarqand viloyatida investisiya, sanoat va eksport faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi
Joriy yilning 11-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlaridan iborat eksport va investisiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Samarqand viloyatining salohiyatini o‘rganish va hududda sanoat hamda investisiyaviy faoliyatni kuchaytirish uchun qo‘shimcha zahiralarni aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi.
8 - 11 sentabr kunlari joylarga chiqqan holda Komissiya a'zolari tomonidan 6259 ta sanoat obнektlarining joriy holati o‘rganildi va natijada 509 ta hozirgi vaqtda foydalanishga topshirilmagan, ishlab chiqarish hajmi yoki byudjetga soliq tushumlarini kamaytirgan, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan yoki faoliyatini umuman to‘xtatgan korxonalar aniqlandi.
Olib borilgan tahlillar, shuningdek 457 ta korxona aylanma mablag‘larni to‘ldirish va zarur texnologik uskunalarni sotib olish uchun kredit resurslariga muhtojligini, 107 ta korxona ilgari olingan kreditlarni tarkibiy o‘zgartirish bilan bog‘liq muammolarga duch kelganligini, 16 ta korxona ilgari to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga uchragani, 53 ta korxona katta debitorlik qarzlariga ega ekanligini, 153 ta korxona muhandislik kommunikasiyalariga ulanmaganligini va 77 ta korxona ishlab chiqarish uchun xom ashyo bilan ta'minlanmaganligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, yer, bo‘sh bino va inshootlarni ajratish, zarur ruxsatnomalar, lisenziya va xalqaro sertifikatlar olish, texnologik uskunalarni olib kelish va sanoat ob'ektlarini ishga tushirish-sozlash va foydalanishga topshirish uchun xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonga yetib kelishlari bilan bog‘liq muammolar aniqlandi.
Tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklarning bu boradagi faoliyatlarini muvofiqlashtirish asosida aniq chora-tadbirlar, ijrochilar va muddatlar belgilangan hamda har bir korxonaga mas'ul rahbarlar tayinlangani holda ishlamay turgan sanoat ob'ektlarini qayta ishga tushirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tuzildi.
Ishlab chiqarish, eksport va yaratiladigan ish o‘rinlari soni ko‘p bo‘lgan yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etishga qaratilgan ustuvor loyihalarga, shuningdek joriy yil oxirigacha ishga tushirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarga ustuvorlik berish maqsadida 16,7 trln so‘mlik 1277 loyihadan iborat amaldagi hududiy investisiya dasturi tahlil qilindi va optimallashtirildi.
Sohalar doirasida va sohalararo kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi: xom ashyo bazasi, mahalliy infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qilish orqali to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasida 42 ta sanoat klasterini yaratish bo‘yicha 57 ta loyiha ishlab chiqildi. Jumladan, Samarqand shahri, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Paxtachi, Narpay va Urgut tumanlarida 9 ta to‘qimachilik klasterlari, Jomboy, Samarqand, Oqdaryo, Ishtixon, Bulung‘ur, Payariq tumanlarida va Samarqand shahrida oziq-ovqat sanoati va meva-sabzavotni qayta ishlash sohasida 16 ta klasterlar yaratilishi rejalashtirilgan.
Mahsulot sifatining yuqori darajada bo‘lishi va uning xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini ta'minlash maqsadida “O‘zstandart” Agentligi qator sinov laboratoriyalarini ishga tushirib, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etadi.
Ichki va tashqi bozorda yuqori texnologiyali xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan investisiyaviy faoliyatni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Komissiya a'zolari viloyatda import tarkibini batafsil o‘rganib chiqib, mavjud mahalliylashtirish dasturiga qo‘shimcha ravishda farmasevtika, metall va metall buyumlar, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, texnologik uskunalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan 13 ta yangi loyiha ishlab chiqdi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va 17 kichik sanoat zonalari faoliyati alohida o‘rganildi. Hozirgi kunga kelib “Urgut” EIZ hududida umumiy qiymati 272 mln dollarga teng bo‘lgan 49 ta loyiha amalga oshirildi va 3,3 mingta ish o‘rni yaratildi. 2020-2021 yillar mobaynida 2,4 ming ish o‘rni yaratilishi bilan 178,4 mln dollarlik 24 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. “Urgut” SEZ sub'ektlarini zarur muhandislik kommunikasiyalari bilan ta'minlash maqsadida joriy yil oxirigacha 28,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda Samarqand viloyatining 17 ta kichik sanoat zonasi hududida umumiy qiymati 453,4 mlrd so‘mlik 57 ta investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan va bu 2 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishga imkon beradi. Faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari infratuzilmasini mustahkamlash maqsadida 45,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Ichki bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan korxonalarga ustuvorlik berilgani holda loyihalarni tanlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy etish viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan muhim mexanizm hisoblanadi, bu esa importga qaramlikni kamaytirishdan tashqari, to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil etish va ichki mahsulotlarning qo‘shimcha qiymatini oshirish imkonini beradi.
Hukumat komissiyasi faoliyati davomida ishlab chiqilgan amaliy chora-tadbirlar kompleksining amalga oshirilishi natijasida joriy yilning oxirigacha Samarqand viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,2 trln so‘mga yetkazilib, 10,8 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, joriy yil oxirigacha sanoat korxonalarining soliqqa ajratmalarining hajmi 825 mlrd so‘m miqdorida bo‘lishi kutilmoqda va bu tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlarining 149,3% ni tashkil etadi.
Bosh prokuratura ishlab chiqilgan amaliy chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy ravishda nazorat qilib borishi bilan birga, ularning ijrosi Hukumat komissiyasining oylik yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi