O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
UNESCOda O‘zbekistonning nomoddiy merosi targ‘ibotiga doir saʼy-harakatlar taqdim etildi
2020-09-11 | Madaniyat
8-10 sentabr kunlari O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi Parijdagi UNESCO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Konvensiyasiga (2013 y.) aʼzo davlatlar Bosh assambleyasining 8-sessiyasida ishtirok etdi.
Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mita (NMMMHQ) aʼzoligiga O‘zbekiston nomzodini ilgari surish doirasida 2022-2026 yillarda O‘zbekistonning mamlakatdagi boy nomoddiy madaniy merosni saqlash va ko‘paytirishiga doir saʼy-harakatlari taqdimoti o‘tkazildi.
Madaniyatni rivojlantirish masalasi shaxsan O‘zbekiston Prezidentining diqqat markazida bo‘lib, so‘nggi yillarda hukumat tomonidan bu yo‘nalishda qabul qilingan qarorlar shundan dalolat beradi.
2019-yilning avgustida Samarqand shahrida YUNESKO bosh direktori Odri Azule ishtirokida Moodiy va nomoddiy madaniy merosni saqlashga doir xalqaro anjumanining o‘tkazilishi yana bir yaqqol misol bo‘lib xizmat qiladi. UNESCO shafeligida nomoddiy madaniy merosni ommalashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlar (“Sharq taronalari”, “Maqom” va “Baxshi” musiqiy festivallari)ning o‘tkazilishida doimiy ko‘mak uchun - UNESCO kotibiyatiga, shuningdek O‘zbekiston elementlarini, jumladan 2019-yilda Xorazm lazgisini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritishga doir saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganlik uchun NMMMHQga minnatdorchilik bildirildi. O‘zbekiston tomondan baxshilik sanʼatining UNESCO Reprezentativ ro‘yxatiga qo‘shilishida tashkilotga aʼzo davlatlarning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirayotgani taʼkidlandi.
O‘zbekistonning 2003-yildagi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish konvensiyasini bajarishga qatʼiy sodiqligi tasdiqlandi. Shuningdek, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib qilish sohasida, shu jumladan mamlakatning salohiyatini mustahkamlash dasturlari va taʼlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda hamda ushbu sektorga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda UNESCO bilan hamkorlikni kengaytirishga Respublika tomonidan qiziqish bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi